Iqtisodiyot | 18:27 / 24.11.2016
46439
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyacha shok: 1 dollar 120 rubl?!

Foto: themoscowtimes.com

Neft narxining pasayishi ortidan rubl sezilarli qadrsizlanadi. Shu sababli tahlilchilar Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullinaning neft narxi 25 dollargacha tushib ketishi falokatli deb hisoblanmasligi haqidagi bayonotiga izoh berdilar.

"Neft narxining 25 dollargacha tushib ketishi ssenariysi yuz berishi ehtimoli kam, biroq hozir zamon shundayki, eng aqlbovar qilmas ssenariylar ham amalga oshmoqda, misol uchun, Brexit, Trampning AQShda g‘olib bo‘lishi", deb aytdi "Tserix Kepital Menedjment" kompaniyasining investitsion tahlil bo‘yicha direktor o‘rinbosari Andrey Vernikov.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, neft narxi tushsa, dollarning kursi 110-120 rublgacha ko‘tarilishi mumkin.

"Tramvaylar ko‘chalarda yuraveradi, do‘konlarda ham non bo‘ladi. Bu turmush darajasi uchun falokatli bo‘ladi. Rubldan ommaviy ketish, inflyatsiya avj olishi, Markaziy bank stavkasi oshishi, yirik kredit tashkilotlari kasodga uchrashi yuz beradi", deb neft narxining keskin tushishini izohlamoqda mutaxassis.

"BKS Ultima" boshqaruvchi direktori Vitaliy Bagamanov neft narxi keskin tushib ketishi ssenariysini istisno qilib bo‘lmasligini aytdi. "Bozorda taklif me'yoridan oshiq, bu esa OPeK a'zolarini choralar ko‘rishga majbur qilmoqda", deb izoh berdi Bagamanov.

24 noyabrda birjadagi savdolar vaqtida dollar 64,36 rubldan pastroq narxda sotildi. U o‘tgan savdolar yopilishidagi narxga nisbatan 10 tiyinga arzonlashgan. Brent nefti uchun esa 49,05 dollar berilgan.

Shu kuni Nabiullina neft narxining 25 dollargacha tushib ketishi Rossiya uchun falokat bo‘lmasligi, biroq rublning zaiflashishiga olib kelishini aytgan.

Mavzuga oid