Jamiyat | 19:15 / 25.11.2016
17841
5 daqiqa o‘qiladi

Frants Kafkaning “Ota hukmi” nomli kitobi o‘zbek tilida chop etildi

25 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Davr Press” nashriyot-matbaa uyi bilan hamkorlikda nashr etilgan Chexiyada tug‘ilib nemis tilida ijod qilgan adib Frants Kafkaning “Ota hukmi” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Kun.uz"ga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Axborot-huquq bo‘limi xabar qildi.

Istiqlol yillari O‘zbekistonda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish jarayonida yosh avlodni jahon adabiyotining sara asarlari bilan yaqindan tanishtirish, umumbashariy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi ijod mahsullarini xalqimizga yetkazish, ularni dunyo yozuvchi va shoirlari ijodidan keng bahramand etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Binobarin, yoshlarning badiiy asarlarni ko‘p hamda muntazam mutolaa qilishi ularning milliy va umumbashariy madaniyatga, yuksak manaviy qadriyatlarga munosib tarzda kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimiz boshqa barcha sohalarda bo‘lgani kabi, madaniy-ma'rifiy sohada ham dunyoning ko‘plab davlatlari bilan yaqin do‘stlik aloqalarini mustahkamlab bormoqda. 

Taqdimot marosimida o‘zbek kafkashunoslari – yozuvchi va shoirlar, tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar, nemis tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining professor-o‘qituvchilari va nemis tili yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalari hamda kitobxonlar, shuningdek Germaniya, Isroil va Chexiya davlatlarining O‘zbekistondagi elchixonalari, Toshkentdagi Gyote instituti, Nemis xalq universitetlari uyushmasining O‘zbekistondagi filiali (DVV), Fridrix Ebert nomidagi fondning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi vakolatxonasi, Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

XX asr jahon adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri, taniqli adib Frants Kafka (1883-1924) ijodi o‘zbek kitobxonlarida katta qiziqish uyg‘otgani bejiz emas. Adibning roman, qissa va hikoyalarida o‘z davrining o‘tkir huquqiy, ijtimoiy muammolari, inson ruhiyatining murakkab qirralari, oddiy odamlarning fojiaviy qismati yuksak mahorat bilan betakror uslubda, ta'bir joiz bo‘lsa, kafkachasiga tasvirlangan.

Istiqlol sharofati tufayli o‘zbek adiblari va tarjimonlari tomonidan jahon adabiyotining nodir asarlari qatori Kafkaning kitoblari ham o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng kitobxonlar etiboriga havola etila boshlandi. Shu bilan birga, keyingi davrda o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos “Kafkashunoslik” maktabi shakllanganini alohida qayd etish lozim. 

Ushbu maktabning jonkuyar vakillari sifatida Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Mirzaali Akbarov, Muhammadjon Xolbekov, Ahmad Otaboy, Erkin Ernazarov, Poshali Usmon, Vafo Fayzulloh kabi taniqli adib va adabiyotshunos olimlar va tarjimonlarni sanab o‘tish mumkin. 

“Davr Press” nashriyoti-matbaa uyi tomonidan nashr etilgan yangi to‘plamdan Frants Kafkaning hozirgi kunga qadar o‘zbek davriy matbuotida chop etilgan ko‘plab hikoyalari o‘rin olgan. Bundan tashqari, to‘plamga hali davriy matbuotda chop etilmagan yoki faqat internet sahifalarida elon qilingan tarjimalar ham kiritilan.

E'tiborli jihati shundaki, ushbu asarlar shu vaqtga qadar yaxlit kitob holida nashr etilmagan edi. Shu ma'noda, Frants Kafkaning “Ota hukmi” kitobini jahon adabiyoti atoqli namoyandasi qalamiga mansub hikoyalarning o‘zbek tilidagi ilk to‘plami, deyish mumkin. 

To‘plamni nashr etish tashabbuskori – taniqli huquqshunos olim Akmal Saidov mas'ul muharrir hamda so‘zboshi muallifi sifatida Frants Kafka hayoti va ijodi bilan kitobxonni yaqindan tanishtirish maqsadida ko‘plab qiziqarli malumotlarni taqdim etgan. 

Taqdimotda Frants Kafka ijodiyotining mamlakatimizda o‘rganilishi va uning o‘zbek adabiy jarayoniga ta'siri, yoshlarni kitobsevarlik ruhida tarbiya topishida adib asarlarining o‘rni borasida fikrlar almashildi.