Jahon | 19:57 / 25.11.2016
6648
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi teraktda halok bo‘lganlar soni 125 nafarga yetdi

24 noyabrda Iroqning Xilla shahri sharqida sodir etilgan terakt 125 nafar odamning hayotiga zomin bo‘ldi, yana 95 nafar odamning yaralanishiga sabab bo‘ldi. Bunday ma'lumotlarni Qatarning "Ash-Sharq" portali keltirmoqda.

Minalashtirilgan yuk mashinasi Bobil viloyatining ma'muriy markazi bo‘lgan Xilla shahri sharqidagi AYoQShda hudkush tomondan portlatilgan. Portlash oqibatida bir necha o‘nlab eronlik ziyoratchilar halok bo‘lgan. Ular yaqin atrofda joylashgan Karbala shahridan qaytayotgan bo‘lganlar. U yerda ziyoratchilar Arbain diniy marosimiga bag‘ishlangan ko‘p millionlik tadbirda ishtirok etishgan. Bu marosim Ashuro kunidan 40 kun o‘tgach nishonlanadi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 40 dan 60 nafargacha eronlik halok bo‘lgan. 

Eron Qizil Yarimoy jamiyati rahbari Ali Asqar Ahmadiy halok bo‘lgan eronliklarning aniq sonini hozircha aytishning imkoni yo‘qligini aytgan, chunki jasadlar kuchli yonib ketgan, ularning shaxsini o‘rnatish esa sekin kechmoqda.

Terakt vaqtida AYoQShda ichida ziyoratchilar bo‘lgan bir necha mikroavtobus bo‘lgan. Portlash kuchidan yaqin oradagi bir nechta inshootlar qisman yoki to‘liq vayron bo‘lgan, bir necha o‘nlab mashinalar yonib ketgan. Shifokorlarning aytishicha, ba'zi yaralanganlarning ahvoli juda og‘ir va shuning uchun qurbonlar soni oshishi mumkin.

Terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

 

Mavzuga oid