O‘zbekiston | 19:58 / 28.11.2016
6855
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bojxonachilar umumiy qiymati 10 mln. so‘mdan ortiq parfyumeriya tovarlarini ushlab qolishdi

O‘zbekiston Respublikasi bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining olib o‘tilishiga qarshi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. 

Jumladan, “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Moskva-Toshkent” yo‘nalishidagi poyezdning yo‘lovchisi fuqaro Sh.Muxamedov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) umumiy qiymati 8 mln. so‘mdan ortiq 240 dona turli xil kosmetika tovarlarini vagonning hufiyona joyiga yashirib, olib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Shunga o‘xshash holatda “Almata-Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi, qo‘shni davlat fuqarosi T.Saidovning qo‘l yuklari orasida umumiy qiymati 10 mln. so‘mdan ortiq jami 246 dona turli xil parfyumeriya va kosmetika tovarlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida hamda bojxonachilarning og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilishni “unutib” qo‘yibdi. 

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari xorijdan Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi xususiy tadbirkorlar nomiga keltirilgan temir yo‘l konteyneridagi tovarlar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, mazkur konteynerda tegishli yo‘l hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan 6 turdagi salkam 32 ming dona parfyumeriya va kosmetika tovarlari hamda oshxona anjomlari borligi aniqlandi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra ushbu tovar moddiy boyliklarning umumiy narxi 160 mln. so‘mni tashkil qilar ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


 

Mavzuga oid