Jahon | 20:54 / 29.11.2016
5230
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Latviya nodavlat tashkiloti ish boshladi

Foto: © Flickr/ Latvijas armija

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi Latviyaning «CLEANTECH LATVIA» nodavlat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqida idora veb-saytida ma'lum qilindi. 

Nodavlat tashkilotga 2006 yil Rigada asos solingan bo‘lib, uning vazifasi ekologik toza texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarishga jalb qilish va rivojlantirishdan iborat. 

Tashkilotning muassisi - Latviya biotexnologiyalar assotsiatsiyasi. «CLEANTECH LATVIA» Yevropa mintaqaviy taraqqiyot fondi, Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtiriladi. 

«CLEANTECH LATVIA» atrof-muhitni muhofaza qilish, xalq va qishloq xo‘jaligida ilg‘or "yashil" texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. 

Tashkilot faoliyatining yana bir yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida akademik va professional almashuv bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar va ekspertizalar o‘tkazish, ekologik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash.

Mazkur sohadagi infratuzilma obektlarini modernizatsiyalashtirish va qayta ta'mirlash loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilishga ham alohida e'tibor qaratiladi. 

Bugungi kunda «CLEANTECH LATVIA» suv resurslarini boshqarish, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energetikani tatbiq etish kabi dolzarb yo‘nalishlarda Qishloq va suv xo‘jalik vazirligi hamda Davlat tabiat qo‘mitasi bilan birgalikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kirishdi. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid