12:06 / 29.11.2016
8560

O‘zbekistonlik imomlar guruhi Rossiya Federatsiyasiga safar qilishdi

Joriy yilning 24 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi markaziy muftiyoti rahbari, muftiy Abdul-Quddus Asharin taklifiga binoan o‘zbekistonlik imomlardan iborat delegatsiya Rossiyaning Yekaterinburg shahriga jo‘nab ketishdi. Bu haqda Shayx Zayniddin jome masjidi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur delegatsiya tarkibida Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi, “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon Ismoilov ham bor. Shuningdek, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, diniy idoraning Samarqand viloyatidagi vakili o‘rinbosari, “Imom Buxoriy” jome masjidi imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov va “Do‘stjonboy ota” jome masjidi imom-xatibi Bahrom Otajonovlar ham safarda bo‘lib turibdi. 

Imomlar mazkur tashrif doirasidagi belgilangan tadbir va uchrashuvlarda ishtirok etmoqda. Jumladan, Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi, “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon Ismoilov 25 noyabr kuni Pervyy Uraldagi Sabr jome' masjidida juma namozini ado etdi. Namoz avvalida imom-xatib mav'iza qildi.

Muborak Juma namozidan so‘ng, mazkur masjidda namozxonlar bilan suhbat tashkil etildi. Xususan, sof Islom dini ta'limoti, din niqobi ostidagi buzg‘unchi kimsalarning faoliyati, yurtimizda musulmonlar uchun yaratilayotgan shart- sharoitlar va e'tibor, internet tarmog‘idan foydalanishda mo‘min- musulmonlarning odobi kabi mavzularda batafsil fikr almashildi. Unda qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga Odilxon Ismoilov atroflicha javob qaytardi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston musulmonlari idorasining delegatsiyasi Ural davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurishdi hamda talabalar va o‘qituvchilar ishtirokidagi ekstremizmga qarshi kurash mavzusida muloqot olib borishdi.

Universitet rektori Yakov Petrovich professor-o‘qituvchilar va talabalar nomidan butun dunyoni xavotirga solayotgan IShID terrorchi tashkiloti haqidagi ma'ruza uchun tashakkur bildirdi. Shuningdek, u ushbu muloqotning muhimligini e'tirof etib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomovga minnatdorlik maktubini topshirdi. O‘z navbatida Ibrohim Inomov rektorga “IShID fitnasi” kitobini sovg‘a qildi.

27 noyabr kuniga belgilangan tadbirlar doirasida imom-xatiblarimiz Yekaterenburg shahridagi provaslav cherkovini ziyorat kilishdi va u yerdagi sharoitlar bilan tashishishdi. Shuningdek, Ganina Yamadagi cherkovlarga, Yevropa va Osiyo chegarasidagi Ikkinchi Jahon Urushida vafot etganlar uchun barpo etilgan yodgorlik monumentiga tashriflar uyushtirildi. 

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur qabristonga urushda qatnashib, qahramonlarcha halok bo‘lgan 15 nafar vatandoshimiz ham dafn etilgan. Qabristonda marhumlar haqqiga Qur'on tilovat qilindi. 

“Mazkur tadbirlar dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stlik aloqalarining rivojida katta ahamiyatga egadir. Biz safar mobaynida Rossiya federatsiyasida odamlarning diniy ibodatlarni emin-erkin ado etishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishayapmiz, o‘zaro muloqotlar olib borayapmiz. Umid qilamizki, bu muloqot va fikrlashuvlar ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni yana mustahkamlashga xizmat qiladi”, deydi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon Ismoilov.

Shuningdek, o‘zbekistonlik imom xatiblar ishtirokida Sverdlovsk viloyatida Nijniy Tagil shahridagi Vernyaya Solda masjidida yig‘in bo‘lib o‘tdi.

Imomi Favil xazrat boshchiligidagi ushbu uchrashuvda “IShID fitnasi” kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda imom-xatiblarimiz ushbu kitob va unda ko‘tarilgan masalalar, terrorizmning xavf-hatarlari, sof islom ta'limoti va islom dinini niqob qilib, o‘z manfur niyatlarini amalga oshirayotgan aqidaparastlar borasida ma'ruzalar qilishdi.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li chiqishida “IShID fitnasi” kitobi ayni kunda diniy ixtiloflar chiqarib, fitna urug‘ini sepayotgan guruhlar ta'siriga tushib qolmaslik uchun muhim dasturilamal ekanligi xususida yig‘ilganlarga atroflicha ma'lmuot berib o‘tdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari davom etmoqda.

Top