Texnologiya | 23:22 / 01.12.2016
5254
2 daqiqa o‘qiladi

Ford’ning o‘zi yuruvchi avtomobillari Yevropa yo‘llarida 2017 yilda paydo bo‘ladi

Foto: hi-news.ru

Nafaqat Tesla Motors mashinalar uchun avtopilotlar yaratadi. Yevropada ommabop va urfga kirgan bu yo‘nalishni barcha yirik avtomobilsozlik kompaniyalari egallashni istaydi. Mana endi AQShning Ford kompaniyasi Yevropa hududida avtopilotli mashinalarni sinovdan o‘tkazishni boshlashini e'lon qildi.  

Ford’ning bunday mashinalarining birinchi sinovlari Angliyaning Esseks muhandislik markazida boshlanadi, so‘ngra sinovlar Germaniyaning Axen va Kyoln shaharlarida davom ettiriladi. Avtokonsern mutaxassislari joylarda tadqiqot o‘tkazishga tayyorlanmoqdalar. Kompaniya vakili Ford nima uchun Yevropani tanlaganiga izoh berib, Yevropa Ittifoqidagi qonunlar haydovchisiz avtomobillar borasida ko‘proq erkinlik berishini, biroq shu bilan birga bu qonunlar YeIning har bir davlatida turlichaligi, bu esa mashinalarni turli sharoitlarda sinovlardan o‘tkazishga imkon berishini aytdi.

Ford o‘z sinovlarida datchiklar va kameralar o‘rnatilgan Ford Fusion gibrid modelidan foydalanadi. Bu mashinalarning oddiylaridan farqi shundaki, ularning tomida lidarlar o‘rnatilgan. Kompaniyaning yaqin besh yillik uchun rejalarida 4-darajadagi avtopilotli mashinalarni seriyali tarzda ishlab chiqarish rejasi bor. Bunda 0-daraja mashinaning umuman avtomatlashtirilmaganini, 5-daraja esa uning to‘liq avtomatlashtirilganini bildiradi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid