Jamiyat | 21:40 / 01.12.2016
22484
13 daqiqa o‘qiladi

Virtual qabulxonaga 2 oy ichida kelib tushgan murojaatlar soni ma'lum qilindi

Skrinshot: Bosh vazir virtual qabulxonasi

Ommaviy axborot vositalarida fuqarolar pm.gov.uz orqali O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga bevosita murojaat qilishlari mumkinligi to‘g‘risidagi e'lon yurtdoshlarimiz uchun kutilmagan siyosiy-ijtimoiy voqea bo‘ldi. Biroq, kimda muammo yo‘q deysiz? Bu e'lon ko‘pchilik uchun xushxabar edi.

Birinchi kun mamlakatning turli hududlaridan 1000 ga yaqin murojaat yo‘llandi.  Virtual qabulxona juda qisqa fursat ichida ommalashib ketdi. 2 hafta o‘tib, mazkur resursga kelib tushgan murojaatlar soni 30 mingtaga yetadi, ya'ni an'anaviy ravishda barcha davlat organlariga yuborilayotgan jami murojaatlar sonidan ham ko‘p. O‘tgan 2 oydan oshiqroq vaqt mobaynida murojaatlar soni 220 mingga yetdi.

Asta-sekin faol ijtimoiy jarayonga kirishgan fuqarolar ortlarida ularni himoya qiluvchi kuch – hukumatning borligini yanada chuqur his qilib, mavjud muammo-kamchiliklarni dadil ko‘tarib chiqa boshladilar.                       

Kimdir moliyaviy tushunmovchiliklarga yechim topdi, yana kimdir gaz va elektrning sifatli ta'minotiga ega bo‘ldi, kimdir yurib bo‘lmas ko‘chasiga asfalt yotqizishga erishdi, qaysidir yurtdoshimizning avtosalondan plastik kartochkaga mashina olgani bir zumda OAV va jamoatchilik e'tiborini qozondi. Davlat idorasida bitmagan ko‘plab shikoyatlarning hal etilishi, mamlakat miqyosida ming-minglab fuqarolar haq-huquqlarining ta'minlanayotgani ulkan ijtimoiy o‘zgarishlarni boshlab berdi. Birinchi navbatda, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi ortdi. Virtual qabulxona muayyan masalaning o‘z vaqtida yechimining topishi birinchi galda joylardagi mansabdor shaxslarning mas'uliyatiga, xohishiga bog‘liq ekanligini isbotlab berdi. 

 

Har bir fuqaroga murojaat qilish imkoni yaratilgan

Murojaat yo‘llash usullarida aholining har bir qatlamining imkoniyatlari hisobga olingan. Fuqarolar 3 usulda: internetning pm.gov.uz manzilidagi maxsus shaklni to‘ldirish, 210-00-00 yoki “1000” qo‘ng‘iroqlarga bepul xizmat ko‘rsatish xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish, O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasining hududiy kengashlariga tashrif buyurish orqali murojaat yo‘llashi mumkin. pm.gov.uz orqali murojaat yuborganda fuqarodan ism-sharifi hamda telefon raqamidan bo‘lak shaxsiy ma'lumotlari talab etilmaydi.

Qolaversa, aholi tomonidan internetda e'lon qilinayotgan videomurojaatlar ham hukumat nazaridan chetda qolayotgani yo‘q. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi tadbirkorning O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga shikoyat tarzida e'lon qilgan videomurojaatida ko‘tarilgan masala o‘z vaqtida o‘rganilib, tadbirkorga amaliy yechim ko‘rsatilgan.

 

Virtual qabulxona faoliyatining boshlaganidan so‘ng 2 oy o‘tib, ya'ni 25 sentabrdan 30 noyabrga qadar portalga 220 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Ayni paytda ularning 70,4 mingtasi qayta ishlash jarayonida, 134,0 ming murojaat esa ko‘rib chiqilgan.

Aytish kerakki, fuqarolar uchun davlat organlariga veb-sayt orqali murojaat yo‘llash qulay usul hisoblanadi. Bu esa davlat idoralari oldiga istiqbolda fuqarolar bilan interaktiv, tezkor va qulay usulda hamkorlik qilishga xizmat qiladigan yagona axborot platformasini yaratish, faoliyatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengroq tatbiq etish zaruratini qo‘ymoqda. Buni Bosh vazir virtual qabulxonasi orqali murojaat qilish usuli taqsimotiga oid statistika ham isbotlaydi. Jumladan, Virtual qabulxonaga kelib tushgan 122,0 murojaat pm.gov.uz manzili orqali fuqarolar tomonidan shaxsan, 88,7 mingtasi qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish markazi hamda 9,7 mingtasi O‘zLiDePning hududiy kengashlari orqali yuborilgan.

Bu kabi o‘ziga xos, aholining har bir qatlami uchun foydalanish qulay elektron portalning ishga tushgani, fuqaroning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu bilan birga, oson va o‘ta sodda usullarda Bosh vazirga murojaat qilishi jahon hukumatlari tajribasida misli ko‘rilmagan ham ijtimoiy, ham siyosiy yangilik bo‘ldi. Misol uchun, ko‘pchilik rivojlangan davlatlarda aholi shikoyatlari davlat organlariga alohida portallar orqali qabul qilinadi.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (27,0 mingta), Toshkent (10,0 mingta ), Farg‘ona (5,8 mingta), Qashqadaryo (5,3 mingta) va Andijon viloyatlari (4,2 mingta) fuqarolaridan kelib tushgan.

Qayd etish joizki, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda sovuqqonlikka yo‘l qo‘yilgani, masalaga o‘z vaqtida yechim topilmaganligi munosabati bilan qator davlat organlari rahbarlariga nisbatan hayfsan e'lon qilindi.

 

Fuqaro nima xohlaydi?

Kelib tushayotgan murojaatlarning 2 oylik statistikasi orqali murojaat eng ko‘p yo‘llanayotgan 10 ta muassasa quyidagilar: Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Mehnat vazirligi, Markaziy bank hamda tijorat banklari, Adliya vazirligi, O‘zbekneftegaz, Moliya vazirligi hamda viloyat hokimliklari.

Soha hamda masalalar kesimida ko‘rish mumkinki, fuqarolar eng ko‘p uy-joy (12%), bandlik (4,3%), ta'lim (2,6%), sud-huquq (2,1%), gaz ta'minoti (2,0%) hamda oilaga moddiy yordam ko‘rsatish (1,9%) masalalarida murojaat qilganlar.

 

Virtual qabulxonaning afzalliklari nimada?

Muayyan masala-muammoning hal qilinishida umumdavlat miqyosidagi yondashuv, fuqaro yoki tadbirkorlik sub'yektlarining murojaatlari qay usulda yo‘llangan bo‘lishidan qat'inazar, tegishli davlat organiga kelib tushishi, islohotlar fuqarolar talab-istaklarini inobatga olgan holda "quyidan-yuqoriga" tamoyili asosida amalga oshirilishi hukumatga qaysi sohalarda muammolarning ko‘p uchrayotganini va sabablarini o‘rganish, ularning oldini olishga qaratilgan maqsadli islohotlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Virtual qabulxona hukumat rahbariyatiga jamiyatning quyi bo‘g‘imlarida yuzaga kelayotgan bo‘shliqlar, jumladan mansabdor shaxslar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni o‘rganish, ularning oldini olishga yordam beradi.

Jumladan, pm.gov.uz’ga kelib tushayotgan murojaatlar va ularga nisbatan davlat idoralarining munosabatlaridan shu narsa ma'lum bo‘ldiki, fuqaro murojaati bilan ishlashda davlat organlari tomonidan qator kamchiliklar mavjud. Jumladan, murojaatlarning aksariyati davlat idorasining aybi bilan hal etilmagan. Ushbu kamchiliklarning oldini olish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 27 oktabr kuni “Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar va tumanlari hokimlarining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini so‘zsiz bajarish yuzasidan javobgarligi to‘g‘risida”gi 366-son qarori e'lon qilindi.

Jumladan, ushbu qarorda shunday deyiladi: "Qisqa muddatda elektron qabulxonaga ko‘p sonli murojaatlarning kelib tushishi joylardagi, ayniqsa shahar va tuman miqyosidagi mutasaddi rahbarlar xalqning taklif va muammolari bilan qiziqmasligini, aksariyat hollarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga e'tiborsiz ekanligini ko‘rsatdi".

 

Har kimga teng munosabat

Virtual qabulxona va umuman AKT orqali munosabatlarga asoslangan "elektron hukumat"ning tashkil qilinishi jamiyatimizda gender tengligining, imkoniyati cheklangan insonlar haq-huquqlarining ta'minlanishi yanada qaror topishiga xizmat qilmoqda. Imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz salomatliklari bilan bog‘liq masalada  qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish markazi orqali og‘zaki murojaat qilishlari mumkin.

Murojaatlarni gender taqsimoti bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, murojaat yo‘llashda ayollar erkaklarga nisbatan 6 foizga faolroq. Virtual qabulxonaga  ayollar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar miqdori 55 foizni tashkil etmoqda. Yana bir qiziq jihati, Toshkent shahri aholisidan kelib tushgan 68 ming murojaatning 40 mingtasidan ziyodi ayollar tomonidan, 27 mingtasi erkaklar tomonidan yo‘llangan. Aytish mumkinki, AKTdan kundalik foydalanish ayollarga jamiyatda faol ijtimoiy o‘rin egallashlariga xizmat qilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, "elektron hukumat" fuqaroning daromadi, ta'lim darajasi, jinsi yoki ijtimoiy ahvolidan qat'inazar davlat organi xizmatlaridan erkin va teng huquqli fuqaro sifatida foydalanishiga zamin yaratadi.

 

Ochiq-oshkoralik – korrupsiyaga qarshi kurashning bosh vositasi

Aholi bunga qadar ham my.gov.uz orqali, qolaversa davlat organining sayti orqali muayyan shikoyat yuzasidan idora rahbariga murojaat qilish imkoniga ega edi. Biroq, davlat organi munosabatidan qoniqmagan,  quyida o‘z savoliga javob topa olmagan, ba'zi mansabdorlarning sansalorligidan hafsalasi pir bo‘lgan xalq muammo bilan hukumat vakili bo‘lgan aniq shaxsga murojaat qilishni afzal ko‘rmoqda.

Fuqarolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumatga murojaat qila olish imkoniyati o‘z navbatida mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining masalani ortiqcha qog‘ozbozliksiz, diqqat bilan yondashgan holda, jamoatchilik muammolarining quyida hal etilishini ta'minlamoqda. Byurokratik to‘siqlarning kamayishi  korrupsiyaning oldini olmoqda. Buni chinakam ma'noda davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarning yangi davri deyish mumkin.

Jamiyat taraqqiyoti fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ochiq-oshkoraligiga bog‘liq. Portal orqali har bir arizachi murojaatining holatini kuzatish, ijrochini aniqlash imkoniyatiga ega. Qolaversa, dolzarb masalalar OAVda yoritilib, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilib borilmoqda.

Shuningdek, portalda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan u yoki bu murojaatning qanchalik samarali qayta ishlanganiga oid statistikani muntazam kuzatish imkoni yaratilgan. Bu esa boshqaruvning barcha jabhasida bosqichma-bosqich oshkoralikka hamda shaffoflikka erishish, faoliyatni takomillashtirish imkonini tug‘diradi. 

Hukumat va fuqaro o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning mustahkamlanishi,  axborot-ma'lumot almashish imkoniyatlarining kengayishi, o‘z navbatida, jamiyatda inson haq-huquqlari, tenglik tamoyillarining o‘rnatilishi, korrupsiyaning oldi olinishi va byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishiga zamin yaratadi.

 

Keyingi rejalar qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Virtual qabulxonasining keyingi taqdiri ko‘pchilik fuqarolarni qiziqtiradi. Istiqbolda davlat organlari va ularning tizimiga kiruvchi muassasalarning hududiy bo‘linmalarini, huquq-tartibot idoralari, jumladan tuman prokuraturalarini Bosh vazir Virtual qabulxonasiga ulash orqali muammolarni quyi tizimning o‘zida samarali hal etilishiga erishish ushbu elektron resursni rivojlantirishda, fuqarolar hayotidagi ahamiyatini oshirishdagi navbatdagi rejalar hisoblanadi.

 

Mamlakat istiqboli har bir fuqaroning qo‘lida

AKT xalqaro axborot makoniga bog‘lanishning vositasi, milliy taraqqiyotning omili ekanligini anglagan holda, O‘zbekistonda “elektron hukumat”ni rivojlantirish ko‘zda tutilgan 40 ga yaqin qarorlar asosida axborot tizimlari, yangi elektron resurslar yaratilmoqda. Ularning faoliyati  fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy hodisa bo‘lib, jamiyatda ishonchli demokratiyani chuqurlashtirish va davlat ochiqligini  ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Hukumatning davlatni xalqning fikr-munosabatidan kelib chiqib boshqarishi, ya'ni aholi kayfiyatining islohotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir etishi mamlakat rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Axborotlashgan jamiyatning muhim o‘ziga xosligi hisoblangan "elektron ishtirok" konsepsiyasi ham har bir fuqaroga davlat boshqaruvida ishtirok etish, jumladan muhim qarorlar qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini yaratmoqda. Bu o‘z navbatida, jamoatchilikning hukumatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, istiqbolga bo‘lgan umidini oshiradi.

Hukumatning Virtual qabulxona faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan xayrixohligi bevosita aholiga farovon, tinch-osuda turmush tarzini yaratish kabi ezgu istaklarni o‘zida jam qilgan. AKT va jamiyatni rivojlantirish yo‘nalishida ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirayotgan O‘zbekiston misolida raqamli platformaga ko‘chayotgan demokratik an'analarning yangicha tamoyil va tendensiyalarini, hukumat va aholi o‘rtasidagi munosabatlarning yangicha mustahkam fenomenini ko‘rish mumkin.

Nargiza Aliqulova, 
Osiyo Taraqqiyot Bankining 
“Samarali davlat boshqaruvida elektron hukumat”
loyihasi konsultanti 

Mavzuga oid