Jamiyat | 10:32 / 02.12.2016
7762
3 daqiqa o‘qiladi

Badnafslik oqibati yoki ta'lim dargohini daromad manbaiga aylantirib olgan kimsalar jazoga tortildi

Foto: ZN.ua

Jonibek Saidqulov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2014 yilda Yuqorichirchiq tumanidagi Agrosanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kollejiga direktor qilib tayinlandi.

“Huquq” gazetasining xabar berishicha, avvaliga risoladagidek ish boshlagan direktor ko‘p o‘tmay aynidi-qoldi. Kollejda amaliyotchi-buxgalter vazifasida faoliyat yuritayotgan B.Sharapovani huzuriga chaqirib, ma'lumoti o‘rta maxsus bo‘lgani bois ishdan bo‘shatishini ma'lum qildi. J.Saidqulov ishdan bo‘shatmaslik haqida so‘ralganda 100 AQSh dollari olib kelsa, masalani ijobiy hal qilish mumkinligini sha'ma qildi.

Oradan o‘n kuncha vaqt o‘tgach, direktor B.Sharapovani xonasiga chaqirib, mehnat shartnomasi tugaganligini aytdi va pulni ham olib kelmaganligini eslatib qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay esa “insof kirdi” chog‘i, buncha pulni birdan topishga qiynalsa, hozircha 280 ming so‘m berishi ham mumkinligini aytdi.

“Ber-ber” joniga tekkan B.Sharapova oxiri tegishli idoralarga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi. U direktorga maxsus ishlov berilgan pulni bergach, tamagir rahbar ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Tergov va surishtiruv chog‘ida direktor bilan uning hamtovoqlarining boshqa jinoyatlari ham fosh etildi. Ma'lum bo‘lishicha, J.Saidqulov kollej bosh hisobchisi hamda ishlab chiqarish ta'lim ustasi bilan kelishib, 2014 yil avgust oyidan 2015 yilning iyuniga qadar o‘ziga 1 mln. 843 ming so‘m, bosh hisobchiga 12 mln. 886 ming so‘m, ishlab chiqarish ta'lim ustasiga esa 9 mln. so‘mdan oshiqroq mablag‘ni asossiz ravishda qo‘shib hisoblagan ekan.

Bundan tashqari, kollejning 5 nafar o‘qituvchisiga 266 ming so‘m ortiqcha ish haqi hamda o‘tilmagan dars soatlari uchun 346 ming so‘m qo‘shimcha hisoblanib, jami 24 mln. so‘mdan ko‘proq byudjyet mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan ekan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tuman sudi tomonidan ta'lim dargohini daromad manbaiga aylantirib olgan kimsalarga tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid