Jamiyat | 14:08 / 02.12.2016
5022
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda bir necha o‘n ming kishi amnistiya qilinishi mumkin

Qozog‘istonda 30 mingga yaqin kishi amnistiya qilinishi mumkin. Bu haqda respublika bosh prokurori o‘rinbosari Iogan Merkel xabar qildi.

Noyabrda davlat rahbari tomonidan “Qozog‘iston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan amnistiya qilish” to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga ko‘rib chiqish uchun kiritilgani xabar qilingandi.

Merkelning ma'lum qilishicha, 30 mingga yaqin inson amnistiyaga tushishi mumkin. Jazoni ijro etish muassasalaridan 1,8 ming kishining ozodlikka chiqarilishi, yana besh ming kishining jazo muddati qisqartirilishi kutilmoqda.

Jinoiy harakatlarni amalga oshirgan va unchalik og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etganlar butunlay ozod etilishi, ko‘rib chiqishga yuborilgan ishlar esa bekor qilinishi mumkin.

Avvalroq, bosh prokuratura rasmiy vakili qonun loyihasi 7 dekabr kuni respublika bosh prokurori tomonidan taqdim etilishi mumkinligini xabar qilgandi.

Ma'lumot uchun, Qozog‘istonda Mustaqillik kuni 16 dekabr kuni nishonlanadi.

Mavzuga oid