Sport | 18:24 / 02.12.2016
11115
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Liga to‘purari Temurxo‘ja Abduholiqov xorij klubiga o‘tishi mumkin

Foto: «Lokomotiv» FK

Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi hujumchisi Temurxo‘ja Abduholiqov mavsumdagi ishtiroki orqali Osiyoning bir qator klublari nazariga tushgan.

«Amaldagi shartnomam yil oxirigacha. Menga xorijiy klublardan qiziqish bildirilayotganidan xabardorman. Bunday takliflar ko‘p emas, ammo Malayziyadan aniq taklif kelib tushgan. O‘zimni xorijiy chempionatda sinab ko‘rishni juda istayman», degan u sports.uz muxbiri bilan suhbatda.

U «Lokomotiv»da qolishi imkoniyatlari haqidagi savolga shunday javob qaytargan: «Hech qachon hech qachon demayman!».

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanning talablariga javob bermaydigan Temurxo‘ja Abduholiqov 22ta gol urib, Oliy Liga to‘purari bo‘ldi. U O‘zbekiston kubogi finalida  «Nasaf»ga qarshi o‘yindagi yagona golni urib, joriy mavsum chempioni «Lokomotiv»ga «oltin dubl» qayd etish imkonini taqdim qildi.

Ma'lumot uchun, Abduxoliqov 2014 yilning fevral oyida «Xayduk» bilan shartnoma imzolagandi. U Xorvatiyada 2015 yil yanvariga qadar bo‘ldi.

Biroz avvalroq Abduholiqov Malayziyaning «T-Tim» klubida faoliyatini davom ettirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Klub skautlari «Lokomotiv»ning 29-turdan joy olgan «Metallurg»ga qarshi o‘yinini stadionning o‘zidan tomosha qilgan. Avvalroq mazkur klub safida o‘zbekistonlik futbolchilardan Sadriddin Abdullayev hamda Farhod Tojiyev ham to‘p tepgan bo‘lib, har ikki futbolchi aynan «Lokomotiv»dagi o‘yinlari orqali malayziyaliklar e'tiboriga tushgandi.

Mavzuga oid