Jamiyat | 21:15 / 08.12.2016
10306
3 daqiqa o‘qiladi

Ortiqcha vazn tufayli hayotdan ko‘z yumayotgan amerikaliklar soni oshib bormoqda

Foto: © Flickr / Steve Baker

Kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazlarining (AQSh sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligining bo‘limi) dastlabki ma'lumotlari bu mamlakatdagi hayot davomiyligining qisqarishidan dalolat beradi. Ularga ko‘ra, amerikaliklarning 2015 yildagi o‘rtacha hayot davomiyligi 78 yoshu 9,5 oyga teng. Bu 2014 yilgi ko‘rsatkichga qaraganda bir oyga kamdir, sababi - 2015 yilda o‘lim ko‘rsatkichlarining 2,7 milliongacha o‘sganligi (2014 yilga nisbatan 86 000ga ko‘p). 

2015 yilda o‘lim ko‘rsatkichining o‘sishiga asosan yurak-qon tomir kasalliklari natijasida hayotdan ko‘z yumuvchi kishilar sonining ortishi sabab bo‘lgan. Shuningdek qandli diabet, buyrak va o‘pka kasalliklari natijasida vafot etganlar soni ham 2014 yilga nisbatan ancha yuqori. Bundan tashqari, 2015 yilda o‘z joniga qasd qilish holatlari ham ko‘paygan. O‘lim ko‘rsatkichi kamaygan yagona kasallik - saraton bo‘ldi. 

Mutaxassislar bu borada bir fikrga kelishmagan. Ularning aksariyati bunga "ortiqcha vazn epidemiyasi"ni sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Ortiqcha vaznga ega kishilarning yurak-qon tomir tizimi yurak xuruji (infarkt), falaj (insult) va shu kabi kasalliklarga moyil bo‘ladi. Biroq vazn bilan bog‘liq bo‘lmagan tendensiyalar ham bor: o‘z joniga qasd qilish va giyohvand moddalar iste'moli natijasida hayotni tark etayotganlar soni o‘sib bormoqda. 

Ekspertlarning ta'kidlashicha, Amerika sog‘liqni saqlash tizimi — daromad darajasi xuddi shunday bo‘lgan mamlakatlar orasida u qadar muvaffaqiyatli hisoblanmaydi. U yerda kutilayotgan hayot davomiyligi Kuba ko‘rsatkichlari bilan bir xil. Bunga AQSh tibbiyotining yomonligi emas, mamlakatning aksariyat aholisi kambag‘alligi sababdir. Shu bois ular kubaliklardan farqli o‘laroq, har doim ham kerakli davolanish muolajalarini ololmaydilar. Tibbiy sug‘urtalar barcha xarajatlarni qoplamaydi, millionlab amerikaliklar esa umuman sug‘urtaga ega emaslar. 

Umuman olganda, ijobiy yangiliklar ham bor. Yaxshi ta'minlangan yoki oliy ma'lumotli amerikaliklarda o‘lim holatlari ko‘payishi kuzatilmagan. O‘lim sonining keskin o‘sishi aholining faqat kambag‘al qatlami orasida kuzatilmoqda. 

 

Mavzuga oid