“Nemis mashinasi” degan so‘zlar har doim sifatni anglatgan. Dunyodagi ilk avtomobil yaratilgandan buyon 130 yildan oshiq vaqt o‘tdi. Ana shu davr mobaynida Germaniya avtosanoati turli sinovlarga duch kelgan bo‘lsa-da, rivojlanishdan to‘xtamadi.

Bugun nemis kompaniyalari jahonning eng ilg‘or avtomobil ishlab chiqaruvchilari hisoblanadi. Ular orasida Opel kompaniyasi ham bor.

Opel kompaniyasi tarixi bundan 162 avval oddiy tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchi korxonadan boshlangan: 1862 yili germaniyalik Adam Opel tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchi fabrika tashkil etadi.

U 1884 yilda Parijda tashkil etilgan ko‘rgazmada ilk bor velosipedlarni ko‘radi va oradan ikki yil o‘tgach o‘z korxonasida ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

1886 yilda Germaniyada Karl Bens ilk avtomobilni ishlab chiqaradi. Ana shunda Adam Opelda ham avtomashina tayyorlash ishtiyoqi tug‘iladi.

Oradan ikki yil o‘tgach Adam avtokonstruktor Fridrix Lutsman bilan Ryusselshaym shahrida avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

Adam Opel

Ko‘p o‘tmay zavod tayyor bo‘ladi va sheriklar Opel-Lutzmann nomi ostida avtomobillar tayyorlashni boshlashadi. Biroq Lutsman bilan hamkorlik uzoq davom etmaydi va 1900 yilda ular sheriklikni to‘xtatishadi.

1901 yilda Adam Opelning o‘g‘illari Karl va Vilhelm Opellar Fransiyaning Automobiles Darracq S.A. firmasi bilan Opel-Darracq nomi ostida mashina ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishadi.

Keyingi yiliyoq birinchi Opel-Darracq avtomobili tayyorlanadi va kompaniya uni Hamburgdagi ko‘rgazmada ommaga namoyish etadi. Mazkur mashina 10 va 12 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlangan bo‘lib, u soatiga 45 km tezlikda harakatlana olardi.

1906 yilda Berlinda ham kompaniyaning ishlab chiqarish bo‘limi ochiladi va o‘sha yili minginchi avtomobil tayyorlanadi.

Oradan bir yil o‘tgach Opel-Darracq rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Kompaniya o‘z avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi.

1909 yilda keyinchalik Doktorwagen (Doktorlar mashinasi) nomi bilan tanilgan rusumni ishlab chiqarish boshlanadi. O‘sha paytda bu mashinaning narxi 3 950 markadan boshlangan.