Jahon | 23:11 / 13.12.2016
8611
3 daqiqa o‘qiladi

UNICEF: Dunyo Halab bolalarini himoya qiladigan va ularning dahshatlariga chek qo‘yadigan vaqt keldi!

Foto: Getty Images

BMTning bolalar agentligi Halabning sharqiy qismida ko‘plab bolalar kattalar nazoratisiz qolganini ma'lum qildi va ularni zudlik bilan muxolifat jangarilari tuzog‘idan evakuatsiya qilishga chaqirdi. Hozirga qadar olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Sharqiy Halabda taxminan 15 ming nafar tinch aholi terrorchilar tuzog‘ida qolgan. Daily Sabah shu haqida xabar berdi. 

"Bugungi kunda Halabda zo‘ravonlik avj olayotgan ekan, minglab bolalar bundan unsiz jabrlanmoqda va shafqatsiz hujumlarga yo‘liqmoqda, butun dunyo shunga guvoh bo‘lmoqda. Dunyo Halab bolalarini himoya qiladigan va ularning dahshatlariga chek qo‘yadigan vaqt keldi!", - dedi  UNICEF mitaqaviy rahbari Girt Kappeler.

Halabdagi shifokor bergan ma'lumotga ko‘ra, Halab sharqida 100dan ortiq bola kattalar nazoratisiz bino tuzog‘iga tushib, xavf ostida qolgan.

UNICEF vakilining Anadolu agentligiga elektron pochta orqali ma'lum qilishicha, bolalarning hayotini bundan-da ortiq xavf ostiga qo‘ymaslik uchun ularning joylashgan joyi tasdiqlanmagan. 

Seshanba kungi hisobotga ko‘ra, Asadning shafqatsiz rejimi natijasida Sharqiy Halabda 100dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan. 

Agentlik barcha tomonlarni xavfsizlikni ta'minlash va bolalarni shoshilinch evakuatsiya qilishga chaqirgan. Shuningdek tinch aholi, jumladan bolalar qatl qilinganligi haqidagi tasdiqlanmagan xabardan xavotirda ekanligini bildirgan hamda tomonlarga xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini eslatib o‘tgan. 

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni rejim tarafdorlari Halab sharqidagi ko‘plab tinch aholinining uyiga kirib, otib tashlashgan.

UNICEF barcha qarshi tomonlarni darhol kelishishga va insonparvarlik tashkilotlari nochor oilalar hamda  bolalarga  shoshilinch yordam ko‘rsatishlari uchun imkon yaratishga chaqirdi.

Manbaga ko‘ra, so‘nggi 27 kun ichida Halabning sharqiy qismida 990 nafar tinch aholi o‘ldirilgan. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid