Jahon | 15:26 / 15.12.2016
9264
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Facebook, Google va Microsoft rahbarlari bilan uchrashdi

Foto: AFP

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Facebook, Amazon, Google, Microsoft va boshqa yetakchi IT-kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda The Guardian.

Muloqot Trampning Nyu Yorkdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan. Siyosatchining bayonotiga ko‘ra, uning maqsadi – ushbu kompaniyalarning ishlarini muvaffaqiyatli olib borishiga yordam berishdir. 

«Bu yerda rasman bo‘ysunish majburiyati yo‘q», – degan Tramp va top-menejyerlarni o‘z odamlari va o‘ziga bemalol murojaat qilishga chaqirgan. Bundan tashqari, saylangan prezident xalqaro savdodagi cheklovlarni olib tashlashga va'da bergan. 

OAV xodimlari ko‘p soatlik uchrashuvning dastlabki 4 daqiqasini kuzatishga ruxsat berishgan. Tramp qarorgohiga, xususan, Google asoschilari Sergey Brin va Larri Peyj, Microsoft rahbari Satya Nadella, Facebook amaliy direktori Sheril Sendberg, Cisco rahbari Chak Robbins, Apple bosh direktori Tim Kuk tashrif buyurgan.

Twitter rahbari Jyek Dorsi uchrashuvda qatnashmagan. Turli xabarlarga ko‘ra, uning taklif qilinmagani Trampning Dorsidan o‘ziga xos qasos olishidir. Dorsi Trampning saylovoldi kampaniyasida #CrookedHillary (egilgan, qiyshiq Hillari) xeshtegini joylashtirishdan bosh tortgan edi.

 

Mavzuga oid