Jahon | 08:55
1592
4 daqiqa o‘qiladi

Politico: Tramp NATO davlatlarini “yaxshi” va “yomon”ga ajratdi

Politico nashrining yozishicha, Oq uyda NATOdagi “yomon” va “yaxshi” ittifoqchilar ro‘yxati tuzilgan. Bunga qarab Vashington tomonidan ularga nisbatan rag‘batlantirish yoki jazolash choralari qo‘llanishi mumkin.

Foto: AP

Oq uy NATOdagi “yaxshi” va “yomon” ittifoqchilar ro‘yxatini tuzgan, chunki AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eronga qarshi harbiy kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan davlatlarni jazolash yo‘llarini izlamoqda. Bu haqda 22 aprel, chorshanba kuni Politico nashri rejadan xabardor bo‘lgan uch nafar yevropalik diplomat va Pentagon vakiliga tayanib xabar qildi.

Jurnalistlar eslatishicha, bunday g‘oya bilan 2025 yil dekabrida AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset ham chiqqan edi. U Milliy mudofaa forumida “Ibratli ittifoqchilar — masalan, Isroil, Janubiy Koreya, Polsha, tobora ko‘proq Germaniya, Boltiqbo‘yi davlatlari va boshqalar — alohida e’tiborimizga sazovor bo‘ladi. Kollektiv mudofaa bo‘yicha o‘z ulushini bajarmayotgan ittifoqchilar esa oqibatlarga duch keladi”, degan. Politico suhbatlashgan diplomatlardan biriga ko‘ra, tuzilgan ro‘yxatlar, “ko‘rinishidan”, aynan shu konsepsiyani aks ettiradi.

“Yaxshi” va “yomon” deb baholangan AQSh ittifoqchilari uchun aynan qanday imtiyoz yoki yo‘qotishlar bo‘lishi hozircha aniqlashtirilmagan. “Yomon ittifoqchilarni jazolash haqida gap ketganda, ularda juda aniq g‘oyalar yo‘qqa o‘xshaydi. Yevropadagi amerikalik qo‘shinlarni ko‘chirish variantlardan biri, ammo bundan ko‘proq AQShning o‘zi jabr ko‘rmaydimi?” — deya iqtibos keltiradi nashr yana bir yevropalik amaldorning so‘zlaridan.

Politico ta’kidlashicha, qo‘shinlarni qayta joylashtirishning o‘zi ham qimmat va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lishi mumkin. Bosim vositalari sifatida qo‘shma harbiy mashqlar yoki harbiy texnikani sotish masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Nashr taxminiga ko‘ra, bunday siyosatning asosiy manfaatdorlari Polsha va Ruminiya bo‘lishi mumkin. Polsha NATOda mudofaa uchun eng ko‘p mablag‘ sarflovchi davlatlardan biri bo‘lib, mamlakat hududida joylashtirilgan 10 ming nafar amerikalik harbiyning deyarli barcha xarajatini qoplaydi. Ruminiya esa yaqinda aviabazasini kengaytirdi va uni AQShga Eronga qarshi harbiy harakatlarda foydalanish uchun ruxsat berdi. Maqola mualliflari qo‘shimcha qilishicha, “Bolgariya ham Yaqin Sharqdagi Amerika logistikasini pinhona qo‘llab-quvvatlagan”.

Britaniyaning The Telegraph gazetasi 27 mart kuni Donald Tramp NATO a’zolaridan mudofaa xarajatlari bo‘yicha YaIMning 5 foizlik ko‘rsatkichiga yetmagan davlatlarni ovoz berish huquqidan mahrum etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini yozgan edi. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti bu variantni Yevropa ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun kema yuborishdan bosh tortganidan keyin o‘rgana boshlagan. AQSh ma’muriyatidagi suhbatdoshlardan biri: “Yevropaliklardan xafaligimiz juda jiddiy edi. 5 foiz ajratmaydigan har qanday davlat NATOdagi kelgusi xarajatlar bo‘yicha qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega bo‘lmasligi kerak”, degan.

8 aprel kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng Tramp yana alyans hamkorlarini Eron bilan urushda yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaganlikda aybladi va yana Grenlandiya mavzusini ko‘tardi. U o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida: “Bizga kerak bo‘lgan paytda NATO yonimizda bo‘lmadi va yana kerak bo‘lganida ham bo‘lmaydi”, deb yozdi hamda ittifoqchilarga o‘zi “katta, yomon boshqarilayotgan muz bo‘lagi” deb atagan Grenlandiyani eslashni tavsiya qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid