21:59 / 16.12.2016
24153

Andijon viloyati hokimi qator tumanlar aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Kirib kelayotgan yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e'lon qilinishi tarixiy an'analar munosib davom ettirilayotgani, el-yurtimiz hayotida yangi taraqqiyot bosqichi boshlanayotganining amaliy isbotidir.  O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad  xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilashdan iborat. 

Kecha Andijon viloyati hokimi, Oliy Majlis Senatining a'zosi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon va Asaka tumani aholisi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. 

Jumladan, Andijon tumani Xartum qishlog‘idagi Guzar mahallasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davlat hokimiyati idoralarining xalq bilan yaqinligi, islohotlarning samaradorligi va  fuqarolarning hukumatimizga  bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini o‘zida ifoda etdi.

Samimiy ruhda o‘tgan ochiq muloqotlar davomida  viloyat hokimi aholi vakillari tomonidan berilgan ko‘plab savollarga javob berdi. Jumladan, mehnat faxriysi Bekmirza Madrahimovning aholiga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berish va ko‘mir bilan ta'minlashni tartibga solish yuzasidan o‘rtaga qo‘ygan muammosi shu joyning o‘zida tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida yechimini topdi. Fuqaro Dilfo‘zaxon To‘xtayevaning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida yer ajratish va moliya muassasalaridan kredit olish masalasida bergan savoli bo‘yicha mas'ul idoralarning rahbarlariga aniq ko‘rsatmalar berildi. Ko‘pdan buyon qiynayotgan muammo hal etilayotganini ko‘rgan tadbirkor o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Uchrashuv davomida Istiqlol ko‘chasida ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash, Pillakash ko‘chasini asfaltlash, transport xizmatini yaxshilash, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi qator masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. 

Xuddi shunday uchrashuv Asaka tumanidagi Kujgan mahallasida ham bo‘lib o‘tdi.

 

Top