Jahon | 19:38 / 16.12.2016
18163
3 daqiqa o‘qiladi

FQB afsonaviy Muhammad Ali ortidan kuzatuv olib borgani ma'lum qilindi

Foto: Getty Images

AQShning Federal qidiruvlar byurosi afsonaviy bokschi Muhammad Ali va uning "Islom millati" diniy tashkiloti bilan aloqalari ortidan kuzatuv olib borgan, deb xabar bermoqda FQB tomonidan oshkor qilingan materiallarga iqtibos keltirgan holda New York Times nashri.

Nashrning yozishicha, Alining "Islom millati" bilan aloqalari haqida ilk bor uning 1964 yilda Sonni Liston bilan jangda jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritganidan keyin ma'lum bo‘lgan. O‘shanda Ali bu tashkilotning a'zosi ekanligini va endi o‘zini tug‘ilganda berilgan ismi Kassius Kley emas, balki Muhammad Ali deb chaqirishlari kerakligini ma'lum qilgan.

1966 yilda FQB hujjatlarda "butkul afroamerikancha, yarim diniy, oqlarga qarshi" deb e'tirof etilgan ushbu tashkilotga e'tibor qaratgan. FQBda tashkilotning yetakchisi Elayja Muhammad eng ko‘p qiziqish uyg‘otgan.

Hujjatlarda boshqa ma'lumotlar bilan birga bokschi muxbirga o‘z ortidan diktofon bilan yurishga ijozat bergani sababli Ali va Muhammad o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlar haqida ma'lumot bor. FQBni shuningdek Alining armiyaga xizmatga borishi-bormasligi, aynan esa u "vijdon nuqtai nazaridan" xizmatga borishdan bosh tortishi mumkinligi qiziqtirgan. Nashrning ta'kidlashicha, Ali bir yil o‘tib harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgan va shu sababli chempionlik unvonidan mahrum etilgan. 

Hujjatlar orasida shuningdek Ali birinchi rafiqasi bilan zavjasi musulmon aqidalariga ko‘ra yashamagani, bashang kiyingani va lab bo‘yog‘idan foydalangani uchun ajrashgani haqida ma'lumot ham bor.

Nashrning yozishicha, FQB ma'lumotlardan bir qismini o‘z ayg‘oqchilaridan, bir qismini gazeta va jurnallardan olgan va shuning uchun hujjatlarda ba'zi mish-mishlar ham mavjud. Misol uchun, Alining Misrning sobiq prezidenti Jamol Abdul Nasr qizlaridan biriga uylangani haqidagi ma'lumot shunday uydirmalardan biridir.

Ta'kidlanishicha, Ali "faol kuzatuv obekti" bo‘lmagan, FQBni ko‘proq "Islom millati" qiziqtirgan.  

Afsonaviy bokschi 2016 yil iyunda 74 yoshida AQShning Finiks shahri shifoxonalaridan birida vafot etdi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid