Sport | 13:58 / 16.12.2016
5205
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sportida yana doping mojarosi: IBU 31 nafar biatlonchini shubha ostiga oldi

Foto: rsport

Xalqaro biatlonchilar Kengashi (IBU) prezidenti Anders Besseberg 2011 yildan 2015 yilga qadar doping qabul qilganlikda gumon qilingan 31 nafar sportchining ro‘yxati tashkilotga kelib tushganini ma'lum qildi.

Mazkur ro‘yxat Butunjahon dopingga qarshi kurash mustaqil komissiyasi (WADA) rahbari Richard Maklaren tomonidan rossiyalik sportchilarning doping bilan bog‘liq muammolari haqida bergan ikkinchi ma'ruzasida e'lon qilingan.

IBU Maklaren ma'ruzasi bo‘yicha ishchi guruh tuzgan va choralar ko‘rilishi bo‘yicha majlis chaqirgan.

«Shubha ostiga olingan bir qator sportchilar allaqachon diskvalifikatsiya qilingan, ba'zilari faoliyatini yakunlab ulgurgan. Ammo eng asosiysi shubha ostiga olinganlarning ichida hozirga qadar xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelayotganlari bor.

O‘ylashimcha, biz bir hafta muddatda doping qabul qilganligi tasdiqlangan sportchilarni vaqtinchalik musobaqalardan chetlatish bo‘yicha tavsiyalarimizni berishimiz kerak bo‘ladi», – degan Besseberg.

Xabar qilinishicha, vaqtinchalik chetlatish jazosi qo‘llanilsa, bu Jahon kubogining Germaniyadagi Oberxof shahrida bo‘lib o‘tadigan to‘rtinchi bosqichidan amalda bo‘ladi.

Shuningdek, IBUda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini Ostrovda va Jahon kubogi bosqichini Tyumenda o‘tkazilishi bo‘yicha qarorlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. JCh-2021 musobaqalarini Tyumen shahri qabul qilishi masalasi IBUning 2017 yildagi kongressida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mavzuga oid