20:09 / 18.12.2016
7497

Eron prezidenti AQSh tomondan sanksiyalarning uzaytirilishini tanqid qildi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy MAGATE bosh direktori Yukiya Amano bilan uchrashuvda AQSh tomonidan Eronga nisbatan sanksiyalarning uzaytirilishi yadroviy kelishuvni buzishini aytdi.

Avvalroq Amano Eronning atom energetikasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Salohiy bilan uchrashuvda "yadroviy kelishuv bajarilishi jarayoni"dan qoniqqanini aytgandi.

Mehr axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Ruhoniy AQSh tomonidan Eronga nisbatan sanksiyalarning 10 yilga uzaytirilishi har tomonlama harakatlar qo‘shma rejasining yaqqol buzilishi ekanligini aytgan. Uning aytishicha, AQSh Eronga nisbatan "AQSh hukumatiga xalqaro ishonchning ancha kamayishiga olib keladigan" yo‘lni tanlagan. 

Eron prezidenti uning mamlakati MAGATE bilan texnik masalalarni rivojlantirish yo‘lidan borishini aytdi. Uning ta'kidlashicha, "yadroviy kelishuv, bir tomondan, mintaqada barqarorlik va kelgusi hamkorlikni o‘rnatishga yordam bergandi, boshqa tomondan esa Eron millatiga nisbatan kiritilgan adolatsiz va noqonuniy sanksiyalarga chek qo‘ygandi".

Ruhoniy Eronning yadroviy kelishuvga sodiqligini yana bir tasdiqlagan va Eron kelishuv shartlarini buzadigan birinchi davlat bo‘lmasligini aytgan.

Dekabr boshida AQSh kongressi 1979 yildagi inqilobdan keyin Eronga kiritilgan sanksiyalarning amal qilishini yana 10 yilga uzaytirdi. Biroq bu qonun Eron bilan "yadroviy dastur" bo‘yicha kelishuv bandlari va u bilan bog‘liq ravishda bekor qilingan AQSh sanksiyalariga taalluqli emas.

 

Mavzuga oid
Top