Iqtisodiyot | 21:22 / 20.12.2016
27211
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston qayerdan import va qayerga eksport qilishni afzal ko‘rishi ma'lum qilindi

Foto: Getty Images

Tojikistonda ishlab chiqarilgan mahsulotning asosiy importchilari Turkiya va Qozog‘iston hisoblanadi. Bu davlatlar hisobiga Tojikistonning 2016 yil 11 oyidagi umumiy eksporti hajmining 40 foizdan ko‘prog‘i to‘g‘ri kelgan.

Turkiyaga joriy yilning yanvar-noyabrida Tojikistondan 173 mln dollarlik, Qozog‘istonga esa 168 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan. Bu davr  ichida tojik mahsulotlari eksportining umumiy hajmi 809 mln dollarni tashkil qildi, deb ma'lum qilindi Tojikiston prezidenti huzuridagi statistika agentligida.        

Tojikistonga mahsulot yetkazadigan asosiy davlatlar esa Rossiya va Xitoy bo‘ldi. 11 oy ichida Rossiyadan Tojikistonga eksport qilingan mahsulot 900 mln dollar, Xitoy mahsuloti esa 781 mln dollarni tashkil qilgan. Bu davrda Tojikistonda umumiy hisobda 2,7 mlrd dollarlik mahsulot import qilingan.

Umumiy hisobda, 11 oy ichida Tojikiston tashqi savdo aylanmasi 3,5 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 foizga yoki 322 mln dollarga kamaygan. Savdo balansi manfiy bo‘lgan va 1,9 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilgan.   

Tojikiston yil boshidan 109 ta davlat bilan savdo aloqalariga ega bo‘lgan.

Tojikistonning asosiy savdo hamkorlari Rossiya va Xitoy bo‘lib qolmoqda. 11 oy ichida Tojikiston-Rossiya savdo aylanmasining umumiy hajmi 948 mln dollarni, Tojikiston-Xitoyniki 822 mln dollarni tashkil qilgan.  

Mavzuga oid