Jahon | 00:11 / 20.12.2016
12861
2 daqiqa o‘qiladi

Twitter'dan Halab haqida ma'lumot bergan 7 yoshli Bana evakuatsiya qilindi

Foto: © AFP

Bugungi kunga kelib, Twitter tarmog‘idagi sahifasida 320 000dan ortiq folloveriga ega bo‘lgan Bana Al-Obidning hayotida dushanba kuni ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Suratlar 7 yoshli qizning Halabdan evakuatsiya qilinganlar orasida bo‘lganligidan guvohlik bermoqda. Gulf News shu haqida xabar berdi

Suriya-Amerika Tibbiy Jamiyati prezidenti Ahmad Taraqjiyning so‘zlariga ko‘ra, Bana va boshqalarga yordam ko‘rsatilmoqda. 

Bananing onasi - ingliz tili o‘qituvchisi tomonidan boshqariluvchi Twitter'dagi akkaunti Sharqiy Halabdagi boshqa ma'lumotlar manbalari orasida ajralib turardi. Qamal ostidagi kundalik hayot tavsifi uning folloverlari orasida Halab sharqidagi gumanitar vaziyatning yomonlashuvi borasidagi e'tirozlarni keltirib chiqardi. 

"Bana - uzun qora sochli, katta jigarrang ko‘zli va qo‘ng‘iroq ovozli qizcha, u qisqa vaqt ichida Suriyada ro‘y berayotgan dahshatli voqealarning yangi ramziga aylandi", - deb yozadi The Washington Post'da Keytlin Gibson. 

Biroq qizning internetda qoldirgan xabarlari ba'zi foydalanuvchilar tomonidan salbiy qabul qilindi - tanqidchilar Bana va uning onasi Fotimaning akkaunti haqiqiy emasligini isbotlashga urinishdi. 

Ularning fikricha, elektr energiyasi tez-tez o‘chadigan shahar aholisi uchun bu akkaunt juda faol edi. Manbada keltirilishicha, Suriya prezidenti Bashar Asad ham uning xabarlarini "targ‘ibot" sifatida qabul qilgan. 

Bananing tarafdorlari qizning Halabdan parvoz qilishi uning akkaunti soxta ekanligi borasidagi bahslarga yakun yasashiga umid bildirishmoqda.

Yakshanba kuni chop etilgan so‘nggi tvitda Bananing onasi Fotima Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va tashqi ishlar vaziriga murojaat qilib, bu ishlarga chek qo‘yishni so‘ragan.

 

Mavzuga oid