19:33 / 23.12.2016
54292

Atambayev Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda muhokama qilishni rejalashtirgan asosiy mavzusini aytdi

Foto: EPA

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning O‘zbekistonga tashrifi davomida Xitoydan Fors ko‘rfaziga olib boruvchi temir yo‘l qurilishi istiqbollari muhokama qilinadi. Bu haqda «Interfaks» xabar bergan.

«Qirg‘iziston va Eron manfaatlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Eron bo‘ylab o‘tuvchi temir yo‘l qurilishi masalasini muhokama etish mening O‘zbekiston va Xitoyga amalga oshiradigan tashriflarimdagi asosiy mavzu bo‘ladi», degan Atambayev Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan brifing vaqtida.

O‘z navbatida Ruhoniy ham Eron tomoni ushbu temir yo‘l qurilishi tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan.

«Bu nafaqat bizning mamlakatimiz, balki butun mintaqa davlatlari manfaatlari uchun loyihadir», – degan Eron prezidenti. U o‘z mamlakati bu loyihani texnik tomondan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma'lum qilgan.

Xitoydan Fors ko‘rfazigacha olib boruvchi bu temir yo‘l qurilgan taqdirda Markaziy Osiyo mamlakatlari dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishi mumkin bo‘ladi. Qirg‘iziston tomoni ma'lumotiga ko‘ra, ushbu yo‘lning yillik yuk tashish hajmi 15-20 million tonnani tashkil qiladi.

Qirg‘iziston rahbari 24 dekabr kuni O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida Atambayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazadi, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi.

Uchrashuv Samarqandda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Atambayev, shuningdek, O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qilishni rejalashtirmoqda.

U 2017 yilning yanvari boshida Xitoyga boradi.

Top