O‘zbekiston | 21:03 / 27.12.2016
19040
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi davlat idoralari xizmatchilarining salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi loyiha imzolandi

2016 yilning 27 dekabr kuni Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi (DBA) bilan KOICA'ning yangi loyihasini amalga oshirishga doir  muhokamalar protokolini imzoladi. Loyiha nomi - "O‘zbekiston Respublikasi davlat sektorida innovatsiyalarni tatbiq etishda Davlat boshqaruv akademiyasi salohiyatini yaxshilash". 

KOICA ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha 2017-2019 yillarda amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 3 million dollarni tashkil qiladi. 

Loyiha doirasida personalni boshqarish siyosati va O‘zbekistondagi davlat xizmatchilarini tayyorlash tizimi bo‘yicha konsultatsiyalar taqdim etish, DBAning  ta'lim salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilmoqda. 

Yangi loyiha doirasida KOICA va DBA O‘zbekistondagi davlat idoralari vakillari uchun kadrlar tayyorlash tizimining bosh rejasini ishlab chiqadi, shuningdek davlat sektorida innovatsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida "Inson resurslarini rivojlantirish" mavzusida konferensiya o‘tkazadi. KOICA va DBA Biznes-Reinjiniring Jarayonlarini qo‘llab, yangi o‘quv dasturlari, yangicha ta'lim usullari, pedagog va xodimlar uchun o‘quv seminarlarini ishlab chiqadi, shu bilan birga veb-ta'limni ham yaxshilashadi. 

Bunga qo‘shimcha ravishda, KOICA idorasi DBA talabalari, pedagoglari va xodimlari uchun Koreyada maxsus o‘quv kurslarini tashkillashtiradi. 

KOICA'ning O‘zbekistondagi rahbari Im Jong Xi yangi loyihaning O‘zbekistondagi davlat idoralari xizmatchilarining salohiyatini oshirishiga umid bildirdi.


 

Mavzuga oid