Jahon | 21:16 / 30.12.2016
16081
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik rejasi yo‘q

Rossiya Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylangandan keyin AQShning Afg‘onistonga nisbatan munosabati o‘zgaradi, deb aytdi Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya tashqi ishlar vazirligi Osiyo ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov.

Kabulov bu haqda Turkiyaning "Anadolu" axborot agentligi muharriri Mexmet O‘zturkga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kabulovning aytishicha, Vashington Afg‘onistondagi jarayonlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Eron va Pokiston muhim deb hisoblaydigan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z qarashini o‘zgartirishi lozim.

"AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi boshlangandayoq rossiyalik harbiy mutaxassislar vaziyatni tahlil qilishgan. Mavjud infratuzilma hisobga olinsa, AQSh 2-4 haftada Afg‘onistondagi bazalarida 100 ming harbiyni joylashtira oladi", deb aytdi Kabulov. 

Uning aytishicha, AQSh va Sobiq ittifoq o‘rtasidagi "sovuq urush" yakunlangani davridan 20 yil o‘tdi.

"Biz "sovuq tinchlik"dan ko‘ra "sovuq urush" texnologiyalarini yaxshiroq bilamiz. Rossiya hech qanday muammosiz istalgan xavflarga qarshi tura oladi. Biz istalgan shakldagi qarama-qarshilikka, jumladan "sovuq urush"ga qarshimiz", deb ta'kidlab o‘tdi Kabulov.

Kabulov Afg‘onistonga Sobiq ittifoq qo‘shinlarining kiritilishini xato bo‘lgan deb aytdi. "Tan olaman, bu xato qaror bo‘lgan, buning ustiga ikki karra xato bo‘lgan. Birinchidan, biz bunday qadamni amalga oshirmasligimiz kerak edi. Ikkinchidan, qo‘shinlarni Afg‘onistonga kiritgandan keyin ularni zudlik bilan olib chiqib ketish kerak edi", deb hisoblamoqda Kabulov. 

Uning aytishicha, sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonda bo‘lishi Sobiq ittifoq rivojlanishi yo‘lidagi to‘siq sifatida qabul qilingan.

Kabulov afg‘on mujohidlarini barcha, jumladan AQSh va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaganini va bu ularning pozitsiyalarini kuchaytirganini eslab o‘tdi.  

Uning aytishicha, sovet tashviqoti Sobiq ittifoq go‘yoki Afg‘onistonda islomni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan, deb ta'kidlagan. Kabulovning ta'kidlashicha, shuning uchun Saudiya Arabistoni aholisining bir qismi Afg‘onistonda jihodda ishtirok etish uchun safarga otlangan.

Maxsus vakil shuningdek "Tolibon" harakati haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, Afg‘onistondagi vaziyatni tinchlik bilan hal qilishdagi tomonlar mamlakat hukumati va "Tolibon" bo‘lishi kerak.

Kabulovning aytishicha, Moskvada Afg‘onistondagi vaziyatni tinchlik bilan hal qilish bo‘yicha reja yo‘q.

Kabulov "Al-Qoida" terrorchilari solayotgan xavfga ham e'tibor qaratdi.

"Al-Qoida" xavfi to‘liq yo‘q bo‘lmadi, u faqatgina kamaydi. Misol uchun, ularning raqibi IShID puxtaroq harakat qiladi, chunki "Al-Qoida" xatolaridan xulosa chiqargan", deb aytdi Kabulov. 

"Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi uchun jahon hamjamiyati bu mamlakatning iqtisodiyoti, boshqaruv strukturasi va qurolli kuchlari tiklanishi va mustahkamlanishi uchun ko‘mak berishi kerak. Bularsiz Afg‘oniston kelajagi haqida gapirish mumkin emas. Aks holda Afg‘oniston mavjud bo‘lishdan to‘xtaydi. Bu ssenariyning amalga oshishi esa Rossiya manfaatlari uchun ham, butun mintaqadagi barqarorlik uchun ham barbod qiluvchi va xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin", deb o‘z fikrlarini yakunladi Kabulov.

U, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishiga umid bildirdi.

 

Mavzuga oid