Qizini uzatib ham tashvishdan boshi chiqmagan ona hikoyasi
Yaqinda gazetada maqolam chiqqach, bir ayol tahririyatga meni qidirib kelibdi, deb yozadi Namangan muhandislik-texnologiya instituti dotsenti Abdurashid Mirzaahmedov “Oila davrasida” nashrida.
Ma'lum bo‘lishicha, ayol qizini uzatgach, to‘ydan so‘ng u bilan o‘zaro qo‘ng‘iroqlari haqida gapirib bergan. Qizini «hech kimdan kam qilmay uzatish uchun» bu oila el-xalqqa juda katta dasturxon yozib, qudalarga sarpo, sovg‘a-salom «poyga»sida ortda qolmay, to‘y qilibdi. Endi tashvishdan qutuldim, deb tursa…
To‘ydan bir necha kun o‘tib, ona — Muborakxon (ismlar o‘zgartirib berilmoqda) qizi Madinaxonga qo‘ng‘iroq qilyapti:
— Allo, Madina, qizim, yaxshimisan, sog‘-salomat yuribsanmi? Qaynonang, qaynotang yaxshimi? Kuyoving qanday, yaxshi yuribdimi? Qaynota-qaynonangni hurmat qil, eringning aytganidan chiqma, ularning xizmatida turib, duosini olgin. Kecha akangdan mashinasida uyingdagilarga to‘la savat, kuyovga payshanbalik dasturxoni yuborgan edik. Shoshilganda buyurtma qilgan tortimiz qolib ketibdi-da. Bugun akang yoki ukang ishdan qaytsa, yog‘li patir, bir banka qaymoq qo‘shib tashlab keladi.
Qizi:
– Ona, yaxshimisiz? Kechagi tog‘orada tandir shashlikka yana to‘rtta, somsaga yana oltitagina qo‘shib yubormabsiz–da. Bu yerda nonushta, payshanbalikka qo‘shni xotinlar ham chiqisharkan. Savatga solgan to‘rtta tovug‘ingiz yetmay qoldi. Qo‘shnimizning keliniga sakkiztadan solishgan ekan. Qaynotam qaynonamga: «Mayli, qo‘yaver, mayda–chuyda gaplarni aytib o‘tirma, o‘rtaga sovuqchilik tushadi. Bolalarimiz ahil yashasa bo‘ldi», deganini eshitib qoldim. Ha, yana qaynsingillarim to‘rtta–ku, sovg‘a yetmay, ikkisi menga yovqarash qilib yurishibdi. Sochiq, ro‘mol bersam, burnini jiyirib ketishdi…
Oradan ikki hafta o‘tdi.
Qizi:
— Assalomu alaykum, ona! Yaxshimisiz? Dadam sog‘-salomat yuribdilarmi? Onajon, bir iltimosim bor edi… Uyda anchadan buyon chang bosib yotgan «MATIZ»ni kuyovingiz ishga qatnab turishga so‘radi. Qo‘shnimizning qudasi kuyoviga yangi «Lasetti» sovg‘a qilibdi. Kuyovingiz bilan shahar bog‘ida tushlik qilayotgan edik. Akam ham tushlikka kelgan ekan. Bizni rosa mehmon qildi. Yana ishlatarsan, deb pul ham berib ketdi. Pulni kuyovingizga berdim.
Ona:
— Sog‘-salomatmisan, qizim? Uyingdagilar yaxshimi? Jon qizim! O‘zing bilasan, yaqinda to‘ydan chiqdik, dadang biroz qarz ko‘targan ekan. Eshigimizga so‘rab kelishyapti. Endi «MATIZ»ni sotishga to‘g‘ri keladi, shekilli. Qizim, qaynonang va qaynsingillaringga 300-400 dollarlik sarpo kiyimlar qilgan edim. Ulardan hech bo‘lmasa savatda ikkitasi qaytsa kerak, deb umid qilgan edim. Dadangdan beso‘roq, Nilufar xolangdan ming dollar qarz olgan edim. Xolangning o‘g‘li o‘qishga kiribdi, endi uning o‘qishiga shartnoma puli to‘lashi kerak ekan… Qarzini so‘rayapti…
Oradan ancha oy o‘tdi. Onaning telefoni bexos jiringladi:
Qizi:
— Assalomu alaykum, onajon! Yangi yilga dadam ikkingizning menikiga yuboradigan sovg‘a, savat-tog‘oralarning ro‘yxatini qildim. Keyin kelasi haftada kuyovingizning tug‘ilgan kuni. Undan ikki kundan so‘ng esa qaynonamniki. Qaynonamning aytishicha, aprelda ko‘zim yorirkan. Bu yerda nevaraning barcha marosimlarini qiz tomon qilarkan…
Onaning ovozi chiqmadi. Qizning telefonidan esa qisqa gudok taraldi: «tut-tut, tut…»
Qiz qayta qo‘ng‘iroq qildi. Operator bir gapni hadeb takrorlardi: «Telefon xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida…»
Manba: 1news.uz
Mavzuga oid
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
17:26 / 08.11.2024
“Embrionlar qarovsiz qolib ketdi” - EKU orqali farzand kutgan ayollar aldandi(mi?)
09:16 / 06.11.2024
Toshkentda Matiz haydovchisi 83 yoshli piyodani urib yubordi
15:52 / 25.10.2024