Texnologii | 20:38 / 03.01.2017
6028
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklarning ko‘pchiligi elektrokarlar haqida eshitmagani oydinlashdi

Foto: motor.ru

AQShdagi haydovchilarning 60 foizi elektromobillar haqida uncha yaxshi xabardor emasliklarini aytishdi. Yana 80 foiz amerikalik avtomobilchilar hech qachon elektrokarlarda yurishmaganini tan olishgan. Bu haqda Altman Vilandrie & Company kompaniyasi tadqiqotiga iqtibos keltirgan holda Motor Trend ma'lum qildi

So‘rovnomada 2500 kishi ishtirok etgan. Ulardan 3 foizigina elektromobillarga ega ekanliklari ma'lum bo‘lgan, yana 10 foiz haydovchilar avtomobillarini almashtirish vaqtida elektr dvigatelli mashina sotib olish niyatida ekanliklarini aytishgan. 

Amerikaliklar elektrokarlarni sotib olishni istamasliklariga sabablar orasida quvvatlash stansiyalarining yetishmasligi (85 foiz so‘ralganlar), bu mashinalarning qimmatligi (83 foiz) va quvvatlash vaqti ancha vaqt olishi kabilar bor.

Elektrokarni haydash tajribasiga ega bo‘lgan 60 foiz so‘ralganlar ularga bunday mashinalarda yurish yoqqanini, 8 foiz so‘ralganlar esa bu tajriba borasida salbiy fikr bildirishgan. 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, elektromobilning optimal narxi 35 ming dollarni tashkil qilishi aniqlandi. Shuningdek, 65 yoshdan katta yo‘lovchilar Volkswagen yoki Ford, yoshlar esa Tesla yoki Mercedes-Benz elektrokarlarini sotib olishni afzal ko‘rishlari ma'lum bo‘ldi.

 

Mavzuga oid