O‘zbekiston | 20:30 / 07.01.2017
107059
7 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Prokuratura organlarining eshigi aholi uchun ochiq bo‘lganida edi...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 7 yanvarda Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi. Unda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, hukumat a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, prokuratura organlari mas'ul xodimlari va faxriylari ishtirok etdi. Bu haqida O‘zA xabar berdi. 

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 19 dekabrdagi qonuniga muvofiq, 8 yanvar O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilandi. Bu prokuratura organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. 

"Sizlarni 8 yanvar – Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, mas'uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman", – dedi Prezidentimiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega sub'yektlardan biri prokuratura organlaridir. 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sud-huquq tizimi tubdan isloh qilindi. 

"Erishilgan yutuqlar o‘zimizniki, unga mahliyo bo‘lib o‘tirish bizga yarashmaydi. Bugun sizlar bilan oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida gaplashib olmog‘imiz lozim, - dedi davlatimiz rahbari. - Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, adolatsizlikka chiday olmaydi. Jamiyatda adolat barqaror bo‘lishida prokuratura organlarining o‘rni katta bo‘lmog‘i kerak. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida keng ko‘lamli islohotlarni hayotga izchil tatbiq etish, ularning samaradorligini yuksaltirishda qonuniy asoslarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar mamlakatimizning har tomonlama taraqqiy etishiga xizmat qilayotir. Davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar dunyo hamjamiyatining yuksak e'tirofiga sazovor bo‘lmoqda. 

Prokuratura organlari xodimlarining ishi katta mas'uliyat, fidoyilik, halollikni talab qiladi", - dedi Prezidentimiz. Qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida inson taqdiri turadi. Shunday ekan, yetti o‘lchab bir kesish bu borada asosiy mezon bo‘lmog‘i shart. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi oshirilgan. 

Bu soha xodimlarining zimmasiga huquqiy hujjatlarning aniq va to‘la ijro etilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklarning oldini olishdek vazifalar mas'uliyatini yanada oshirdi. 

Prezidentimiz tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishida prokuratura organlarining roli haqida gapirar ekan, quyidagilarni alohida ta'kidladi. "Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi. Buning uchun ishbilarmonlarga keng sharoit yaratib berishimiz lozim. Prokuror tadbirkorga ko‘makchi bo‘lishi, u bilan hamkorlikda ishlashi darkor. 

Mustabid tuzum davrida odamlar prokuratura organlari xodimlarini faqat qoralovchi, jazolovchi tizim vakillari sifatida bilardi. Biz ushbu soha faoliyatini xalqaro talablar darajasida qayta tashkil qilishda ijobiy natijalarga erishmoqdamiz", - dedi Prezidentimiz. Prokuratura organlari kundalik hayotimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi zarur.

Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash bo‘yicha prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tuzish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo‘shma qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq, Komissiyaning zimmasiga qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, prokuratura organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini har tomonlama o‘rganish va umumlashtirish, prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va ularning ishlash usullarini yanada takomillashtirish yuzasidan ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalar samarali bajarilayotgani ustidan muntazam parlament nazoratini amalga oshirish vazifalari qo‘yildi. 

"2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi. Ularning faoliyatiga reyting natijalari asosida baho beriladi. 

O‘tgan yili tashkil qilingan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga fuqarolardan 311 ming murojaat kelib tushdi. Murojaatlar orasida prokuratura sohasiga tegishlilari ham talaygina. Bu juda achinarli holdir", -dedi Prezidentimiz. 

"Barchamiz o‘zimizga bir savol beraylik: odamlarda nima uchun muammolar bunchalik ko‘payib ketdi, ularning dardini kim eshitadi? Murojaatlarning aksariyati adolatsizlikdan, ularni hech kim eshitmaganidan bo‘lmoqda. Agar prokuratura organlarining eshigi aholi uchun ochiq bo‘lganida, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bu qadar ko‘p murojaat tushmas edi. 

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida mazkur soha xodimlari ham g‘oyat mas'uliyatli vazifalarni bajarmog‘i lozim bo‘ladi. Birorta murojaat e'tibordan chetda qolmasligi kerak", - dedi davlatimiz rahbari. 

Uchrashuvda Respublika Bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev, Xorazm viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi Sadriddin Turdiyev, Xonqa tumani prokurori G‘ayrat Abdullayev, G‘uzor tumani prokuraturasi katta noziri Zamira Ashirova, Toshkent shahar prokurori Botir Qudratxo‘jayev, Bosh prokuratura tizimidagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Egamov va boshqalar 8 yanvar – Prokuratura organlari xodimlari kunini nishonlash haqidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, inson manfaatlarini to‘la ta'minlash uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilishini ta'kidladi. 

Tas-IX

Mavzuga oid