Light | 21:57 / 08.01.2017
62157
6 daqiqa o‘qiladi

Fotojamlanma: Yer yuzidagi eng sovuq maskan

Inson — juda tirishqoq va mehnatkash mavjudot. Bu ayniqsa Rossiyaning kichik Oymyakon qishlog‘ida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Zero, bu maskan insoniyat muntazam yashaydigan eng sovuq joy hisoblanadi. Bu yerda qish mavsumida o‘rtacha harorat - 50 daraja sovuq atrofida, rekord esa 1924 yilda qayd etilgan, o‘shanda Frayengeyt bo‘yicha 71,2 daraja sovuq harorat kuzatilgan. Sarguzashtlar ishqibozi va suratkash Amos Chappl Oymyakon va uning yaqinidagi Yakutsk shahrida bo‘lib, bu yerdagi odamlar va tabiatning suratlarini muhrlab qaytdi. InsiderPro nashri ushbu fotojamlanmani taqdim etdi. 

Uning sayohati Saxa respublikasi poytaxti bo‘lmish Yakutsk shahridan boshlandi, u dunyodagi eng sovuq poytaxt hisoblanadi. 

Shaharda 300 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi, qish mavsumida bu yerdagi o‘rtacha harorat 34,4 daraja sovuqni tashkil qiladi. 

Chapplning hikoya qilishicha, harorat sovuq bo‘lishiga qaramay, shahar aholisi u bilan juda do‘stona munosabatda bo‘lgan. "Bu yerliklar hayotning quvonchli damlarini qadrlashadi va juda yaxshi kiyinishadi", - deydi Chappl.

Ular favqulodda sovuq haroratga qanday chidashadi? Chapplning so‘zlariga ko‘ra, bunda ularga asosan spirtli ichimliklar yordam beradi. 

Chappl dastlab Yakutskdagi kichik mehmonxonada to‘xtadi, biroq keyin mahalliy aholi bilan do‘stlashib olib, ularning uyida qoldi. "Men minnatdorchilik ramzi sifatida taom tayyorlashga harakat qildim, ammo Sharqiy Sibir likopchasini to‘ldirishning uddasidan chiqolmadim".

Uning aytishicha, Yakutsk o‘zining olmoslari tufayli mustahkam iqtisodiy asosga ega. 

Chapplning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda sovuq urush asoratlari mamlakatning boshqa yerlariga nisbatan kamroq seziladi. Etnik yakutlar esa ruslarga qaraganda ochiqko‘ngilroq. 

Yakutsk — sayyoradagi eng sovuq qishloq hisoblangan Oymyakonga olib boruvchi yo‘l punkti. U yerga yetib olish uchun ikki kun kerak bo‘ladi, yarim yo‘l bosib o‘tilganidan so‘ng keyingi mashinani kutishiga ikki kun ketdi. 

Bunday haroratda mashinani o‘chirmagan ma'qul, shuning uchun quvvatlash shoxobchalari bu yerda 24 soat davomida ishlaydi. 

U yo‘lda ikki kunga "Kuba" kafesida (bo‘m-bo‘sh yo‘l bo‘yidagi kichik tamaddixona) qolib ketdi. Keyingi avtomobilni kutgan yangi zelandiyalik suratkash issiq choy va kiyik go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva bilan siylandi. 

Chappl shunday deydi: "Oxir-oqibat meni manzilga yetkazib qo‘ygan yigitlarning muomalasini tushunmay qoldim - bu mehmondo‘stlikmi yoki tahdid. Yo‘ldan ularning uyiga kirdik va meni makaronlar va muzlatilgan ot qoni bilan boqishdi". 

Qishloqqa kiraverishda 1924 yilgi rekord sharafiga barpo etilgan sovet yodgorligi mavjud. O‘sha yili havo harorati 71,2 daraja sovuqni qayd etgan. Unda shunday yozuv bor: "Oymyakon, sovuq qutb".

Bugungi kunda shahardagi o‘rtacha harorat 50 daraja sovuqni tashkil qiladi. Shunisi qiziqki, "Oymyakon" so‘zi  evenkiychasiga "muzlamagan suv" ma'nosini anglatadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, u qishloq termal manbalar sharafiga shunday nom olgan.

Bu yerda Chappl qiyinchiliklarga duch keldi: "Sovuq oyoqlarimni qanday qaqshatgani haligacha esimda. Ba'zan tufuk ham igna kabi muzlab qolib, labga sanchilar ekan". Uning so‘zlariga ko‘ra, kun bo‘yi bunday sharoitda yurish juda og‘ir. 

Suratga olish ham qiyin kechdi: "Bunday ayozda og‘izdan chiqayotgan tutun ham tamaki tutuni kabi qalin bo‘lib, suratga olayotgan vaqtda nafasni ushlab turishga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari, obektiv sozlamalarida ham muammolar yuzaga keldi". 

Qishloqda doimiy ayoz bo‘lgani uchun bu yerda quvur o‘rnatib bo‘maydi. Hojatxonaga ham tashqariga chiqiladi - bunday sovuq haroratda esa juda qiyin. 

Yaxlagan yerlar tufayli vafot etganlarni dafn qilish ham qiyin - dastlab uzoq vaqt gulxan yoqib, yerni isitishga to‘g‘ri keladi.

Chapplning so‘zlariga ko‘ra, u qishloq aholisi yangi mehmonni ko‘rib xursand bo‘ladi, deb kutgan. Biroq hech kimning u bilan ishi bo‘lmagan: "Odamlar yo uylar orasida yuzlarini qo‘lqop bekitib, yugurib harakatlanishar, yoki sarxush bo‘lib, muammo izlashardi".

Yer xo‘jaligini yuritish uchun bu yerning tuprog‘i haddan tashqari sovuq. Oymyakon aholisi yo chorvachilik, yo shahar xo‘jaligida ishlaydi - ushbu suratda mahalliy qozonxona tasvirlangan.

Hayot tarzi o‘ziga xos menyuni shakllantiradi. Ko‘pincha muzlatilgan xom baliq, lasos yoki oq baliq, ba'zan esa otning jigarini tanovul qilishadi. Ratsion asosi go‘shtli sho‘rvadan iborat.

Shahar aholisi o‘z tarixini yaxshi biladi va bu joylarga kuchli bog‘lanib qolgan. Chapplning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda hayot oddiy, lekin odamlar doimo termometrni kuzatishadi. 

Qachondir yoz keladi va ob-havo yaxshilanadi — yozda bu yerda 35 darajagacha issiq bo‘ladi, lekin bu mavsum juda qisqa o‘tadi, qish esa go‘yoki mangu davom etadigandek. 

Mavzuga oid