O‘zbekiston | 21:43 / 12.01.2017
37019
7 daqiqa o‘qiladi

Sobyanin: "Mirziyoyev va Lukashenko Yevroosiyo munosabatlariga vazminlikni qaytaradi"

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko shu yilning fevral oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi yoki O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Minskka safar uyushtirishi mumkinligi haqidagi xabardan so‘ng bu uchrashuv muhim hodisaga aylanishi haqida yozilmoqda. Chegara hamkorligi assotsiatsiyasining strategik rejalashtirish xizmati rahbari, Strategik kon'yunktura markazining ekspert kengashi a'zosi, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Rossiya-Eron kengashi a'zosi Aleksandr Sobyanin Dmitriyevich o‘z blogida shu uchrashuvdan kutayotganlari haqida bayon qilgan.

"Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning shaxsiy uchrashuvini tashkillashtirish rejalari - men uchun dekabr-yanvar oylarida Rossiya va Belarus munosabatlari fonidagi eng quvonchli yangilikdir.

Ha, adashmadim, - bu faqat O‘zbekiston va Belarus uchungina emas, aynan Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi munosabatlari uchun yaxshi yangilik.

Shuni tushunib yetishi lozimki, buyuk o‘zbek siyosiy arbobi, dunyo miqyosidagi kuchli shaxs - Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafotidan keyin siyosiy elita tanlovining o‘ziyoq O‘zbekistonning dunyoga ochilganidan dalolat beradi.

Agar elita O‘zbekiston Konstitutsiyasi belgilab bergan va I.A Karimov tanlagan Senat raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevni tanlaganida - bu Islom Karimov kursini davom ettirish bo‘lardi.

Biroq elita eng kuchli va nufuzli siyosatchini tanladi. Bu O‘zbekistonning boshqaruv elitasi jiddiy o‘zgarishlarni istayotgani va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildiradi. O‘zbek xalqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida o‘z fikrini aytdi va u siyosiy elita fikriga to‘la mos tushdi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oldida turgan asosiy vazifa - O‘zbekistonning dunyoga ochilishi vaqtida barqarorlikni saqlab qolish, zero o‘zgarishlarning yangi shamoli iqtisodiyot va jamoatchilik tinchligi uchun xavfli kelishi ham mumkin.

Aynan shuning uchun biz O‘zbekiston yangi rahbariyatining qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan avval biroz murakkabroq bo‘lgan munosabatlarini bosqichma-bosqich tiklayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, Qozog‘iston bilan qo‘shnichilik hamda o‘zaro siyosiy aloqalarga sodiqligi esa buni yana bir bor tasdiqlaydi.

Iqtisodiyot, siyosat va ijtimoiy boshqaruvdagi barcha vazifalarga ta'sir ko‘rsatuvchi ijimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlab qolishdagi bu pozitsiya Vladimir Putin tomonidan ham to‘g‘ri qabul qilindi.  

Shu o‘rinda men qadrli do‘stim, yorqin o‘zbek iqtisodchisi va tahlilchi Baxtiyor Ismoilovich Ergashevning so‘zlarini yodga solmoqchiman - "O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmasligiga uning Yevroosiyo integratsiyasi foydasini tushunmasligi sabab emas. U Yevroosiyo integratsiyasida qachon, qanday va qanday shart-sharoitlar asosida ishtirok etishni o‘zi belgilaydi". Ya'ni, O‘zbekistonning tez orada Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga qo‘shilib, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dagi avvalgi to‘laqonli ishtirokini tiklashini kutib, o‘zimizni aldashimizga hojat yo‘q.

O‘zbek xalqi va o‘zbek elitasi tanlovi, O‘zbekiston prezidentining strategik ustuvor yo‘nalishi va Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning pozitsiyasini (O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarini yangidan yo‘lga qo‘yish borasida Sh.M.Mirziyoyevga bildirgan ishonchini) hurmat qilish kerak. Bundan kelib chiqadigan yagona to‘g‘ri xulosa - o‘zbeklarning Yevroosiyo vektorini o‘zi belgilashini qo‘llab-quvvatlash.

Boshlagan mavzuim bilan yakunlayman. Rossiya tomondan Yevroosiyo masalasida har xil pozitsiyalardan va RFning Sobiq Ittifoqdagi har bir alohida mamlakat bilan aniq ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha turli siyosatchilar, siyosatshunoslar, ekspertlar, tahlilchilar harakat qilishmoqda. Bu, ko‘pincha yoki "-fobiyalar" ("tojikofobiya" va h.k.), yoki shunchaki mas'uliyatsiz va savodsiz pozitsiyalar.

Albatta, bizning Yevroosiyodagi birodarlarimiz ham shuni yaxshi tushunishlari kerakki, Vladimir Putinning S.Lavrov, S.Shoygu, O.Vasileva, S.Kiriyenko, M.Fradkov, S.Naryshkin kabi kuchli va mas'uliyatli siyosatchilari juda kam. Biroq ikkinchi va uchinchi pozitsiyalarda kuchli vakolatli xodimlar kam emas - ular bilan munosabat o‘rnatishga kim to‘sqinlik qilmoqda? 1990-2000 yillarda "orttirilgan" axborot xurujining faqat yomon hodisalariga munosabat bildirish odatidan boshqa, hech kim!

O‘zbekiston va Belarus hamkorligi nimaga asoslanishi tushunarli - sanoatni qayta jihozlash keng ko‘lamli o‘zbek dasturiga, Belarus ishlab chiqarish va texnik ta'minotiga. Biroq aynan ikki tomonlama "O‘rta Osiyo - Belarus" munosabatlari Umumevroosiyo hamkorligi, o‘zaro hurmatli harakatni oldinga olib chiqishga imkon bermayapti.

Belarus Respublikasining O‘rta Osiyo vektori joriy adolatsizlikni Yevroosiyoda saqlab qolishga imkon qoldirmaydi, zero bu Rossiyada siyosiy e'tibor darajasini keskin ko‘taradi.

So‘nggi so‘z. Shuni ta'kidlash joizki, so‘nggi yarim yoki bir yilda Belarus tomondan ham hissiy refleksiya haddan ziyod ko‘p kuzatilmoqda - ko‘pincha Rossiya siyosiy arboblarining hujumlari tufayli, ularga esa yaxshisi, e'tibor bermagan ma'qul. E'tibor bermay, hamkorlikni yanada oshirish kerak.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ilk rasmiy tashrifi Minskda bo‘ladigan bo‘lsa, bundan faqat xursand bo‘lish mumkin. Bu O‘zbekistonning nafaqat Rossiya Federatsiyasi, balki YeOII va KXShTning butun Yevroosiyo bloki ahamiyatini ko‘ra bilishidan dalolat beradi. Shunday bo‘lgan taqdirda, shubhasiz, ikkinchi tashrif Moskvaga, RF prezidenti Vladimir Putin bilan asosiy uchrashuv tomon amalga oshiriladi".

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid