Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, Belarus mehnatkash va malakali kadrlarga muhtoj. Shu bois u o‘zbekistonliklarni nafaqat ishlash, balki oilalari bilan birga mamlakatga ko‘chib kelib, doimiy hayot qurishga chaqirdi.

«Biz o‘zbeklarning oilasi bilan Belarusga kelib, shu yerda yashashini istaymiz. Zarur bo‘lsa, ularga sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ham ko‘mak ko‘rsatiladi. Bu yerda mehnat qilish va rivojlanish uchun imkoniyatlar mavjud», — dedi Belarus rahbari.

Lukashenko, shuningdek, O‘zbekistonda suv resurslari va yer masalasi dolzarb ekanini tilga olib, Belarusda bu borada imkoniyatlar ko‘proq ekanini qayd etdi. Uning fikricha, bu ikki mamlakat manfaatlarini uyg‘unlashtirish imkonini beradi.

Belarus prezidenti ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchni alohida ta’kidlab, bu munosabatlar mehnat migratsiyasi va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun yaxshi asos bo‘lishini aytdi.

Mazkur bayonotlar prezident Shavkat Mirziyoyevning 8–9 iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida yangradi. Tashrif yakunida ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi hamda qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi.

Imzolangan hujjatlar orasida O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim ham bor.