O‘zbekiston | 22:26 / 16.01.2017
16886
4 daqiqa o‘qiladi

2017 yilda 10 milliard 800 million dollar hajmidagi mahsulot eksporti ta'minlanishi kerak

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi. 

“Endi, ruxsatingiz bilan, 2017 yilda oldimizda turgan vazifalar to‘g‘risida to‘xtalsak. Biz 10 milliard 800 million dollar hajmidagi mahsulot eksportini ta'minlashimiz kerak. Bu borada qanday kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni hal etishimiz zarur?

Birinchi – 15 kunlik muddatda komplekslar bo‘yicha emas, chunki bu o‘zini oqlamayapti, balki eksportga mahsulot chiqaradigan barcha korxonalar bo‘yicha harakat dasturini puxta ishlab chiqish va U.Rozuqulov rahbarligidagi maxsus komissiya majlisida tasdiqlash kerak.

Ikkinchi vazifa – 2016 yilda Toshkent shahri va xorijda o‘tkazilgan xalqaro sanoat yarmarkalarida jami 7,7 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish zarur.

Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ukraina va Belarus Respublikasida, shuningdek, boshqa davlatlarda mahsulot sotishning yangi bozorlarini izlash bo‘yicha boshlangan ishlarni yanada faol davom ettirish kerak. Lekin Bolgariya bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha berilgan topshiriq, afsuski, natijasiz qoldi.

Bu ishlarga bizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz ham o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Buni Senat raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev va tashqi ishlar vaziri A.Komilov nazoratga olsin.

Uchinchi vazifa – «O‘ztadbirkoreksport» va «O‘zsanoateksport» aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksporti bilan bog‘liq. Bu borada kamida 1 milliard 500 million dollarlik eksportni ta'minlash kerak.

To‘rtinchi vazifa – meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish. Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mirzayevga 15 kun muddatda o‘tgan yili 650 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgani sabablarini atroflicha tahlil qilib, aniq takliflar kiritish topshiriladi.

Bu borada mamlakatimizdagi meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan 66 ta tumanning salohiyati va imkoniyatlarini ham so‘zsiz hisobga olish zarur. Endi ushbu tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari va tumandagi barcha rahbarlar prognoz ko‘rsatkichlariga erishish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgardir.

Bosh vazir o‘rinbosari, maxsus komissiya raisi U.Rozuqulov va yangi departament bu amaliy vazifalarni hal etish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari faoliyatini muvofiqlashtirishi shart.

Mazkur ikkita kompleksdagi ishlarning holatini, shuningdek, G‘.Ibragimov va U.Rozuqulovning shaxsiy javobgarligini tanqidiy tahlil qilishga e'tiboringizni alohida qaratdim. Buning sababi – bu sohalarga nafaqat sanoat, balki butun iqtisodiyot rivojida hal qiluvchi o‘rin tutadi, deb g‘oyat katta ishonch bilan qarayapmiz. Ularni va komplekslar tarkibidagi tashkilotlar rahbarlarini shaxsan ogohlantiraman: agar joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha real natijalar ta'minlanmasa, sizlarga nisbatan qattiq chora ko‘riladi”, - dedi O‘zbekiston rahbari.

Mavzuga oid