Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Aleksandr Novak ushbu qaror haqida prezident Vladimir Putin ishtirokida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi. Keyinchalik hukumat matbuot xizmati ham mazkur cheklov rasman kuchga kirganini

tasdiqladi

.

Hukumat bayonotiga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyi oxiridan boshlab benzin, dizel va boshqa neft mahsulotlari eksportiga ayrim cheklovlar amal qilib kelgan. Biroq ular neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga tatbiq etilmagan edi. Yangi qarorga muvofiq, 31 iyulga qadar dizel yonilg‘isi, kema yonilg‘isi va gazoylni xorijga yetkazib berish ishlab chiqaruvchilar uchun ham taqiqlandi.

Shu bilan birga, xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasida eksport qilinadigan dizel yonilg‘isi ushbu cheklovlardan mustasno ekani ta’kidlandi.

Hukumat NQZ yuklamasini oshirdi

Aleksandr Novakning aytishicha, mamlakatda benzin va dizel ishlab chiqarish hajmining vaqtincha qisqarishiga neftni qayta ishlash zavodlari hamda yonilg‘i-energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar sabab bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inqirozni yumshatish uchun hukumat bir qator choralarni amalga oshirgan. Jumladan:

  • amaldagi neftni qayta ishlash zavodlari maksimal quvvatda ishlashga o‘tkazildi;
  • avval zaxiraga jamlangan yonilg‘i ichki bozorga chiqarildi;
  • rejali ta’mirlash ishlarining muddati qisqartirildi yoki keyinroqqa ko‘chirildi;
  • o‘rta va kichik neftni qayta ishlash zavodlari imkoniyatlaridan faolroq foydalanish boshlandi;
  • iyul oyidan xorijdan neft mahsulotlari importi ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shunga qaramay, Novak mamlakatdagi vaziyat hali ham murakkabligicha qolayotganini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yonilg‘iga bo‘lgan talab qariyb uchdan bir qismiga oshgan.

Yonilg‘i inqirozi qariyb 60 hududga tarqaldi

May oyi oxiridan buyon Rossiyada benzin va dizel tanqisligi kuchayib bormoqda. Bu holat neftni qayta ishlash zavodlari va yoqilg‘i-energetika majmuasi obektlariga uyushtirilgan hujumlar ortidan yuzaga kelgani aytilmoqda.