O‘zbekiston | 17:41 / 16.01.2017
10975
3 daqiqa o‘qiladi

Mahsulotimiz eksport qilinadigan mamlakatlar soni 2010 yilga nisbatan 176 tadan 138 taga kamaygan

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

“Siz va Bosh vazirning boshqa o‘rinbosarlari uchun mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish 2017 yilda so‘zsiz hal qiluvchi faoliyat yo‘nalishiga aylanishi zarur”, - dedi O‘zbekiston Prezidenti bosh vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Rozukulovga yuzlanib.

“Bu o‘rinda gap faqat eksport hajmining o‘sish ko‘rsatkichlari haqida borayotgani yo‘q. Kun tartibida o‘ta jiddiy masalalar turibdi. Bular – mamlakatimizda yaratilgan texnologiyalarning raqobatdoshligini ta'minlash, “nou-xau” namunalarini yaratish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ya'ni yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta'minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Bizda ulkan rezervlar bor. Lekin shunga qaramasdan, o‘tgan yili jami 1 milliard 540 million dollarlik prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmay qoldi. Shundan 570 million dollari Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli korxonalarga to‘g‘ri keladi. 970 million dollar miqdoridagi ko‘rsatkichlar esa hududlardagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan bajarilmagan. Bizning mahsulotimiz eksport qilinadigan mamlakatlar soni 2010 yilga nisbatan 176 tadan 138 taga kamaygan.

Ayni vaqtda mashinasozlik kompleksi, «O‘zfarmsanoat» konserni va «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarda import hajmi eksport hajmidan o‘nlab marta ko‘p.

«O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tizimida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi import miqdoriga nisbatan 25-30 foizdan oshmaydi.

Nima sababdan siz ushbu muhim vazifadan o‘zini chetga olayotgan va prognoz ko‘rsatkichi atigi 42 foizni tashkil etgan Toshkent shahri hokimi R.Usmonov va tumanlar hokimlarining shaxsiy javobgarligini belgilash bo‘yicha aniq takliflar kiritmayapsiz?

Yoki Sh.Abdurahmonov, Z.Ro‘ziyev, Sh.G‘aniyev kabi tajribali hokimlar rahbarlik qilayotgan Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida prognoz ko‘rsatkichlari atigi 65-85 foiz bajarilganini qanday tushunish mumkin?”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid