O‘zbekiston | 03:46 / 16.01.2017
88246
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: "Nima sababdan plastik kartochkalarni muomalaga kiritishdan ilgari barcha mexanizmlar puxta ishlab chiqilmagan?"

Foto: Norma.uz

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. Shu jumladan Moliya vazirligi faoliyati ham qattiq tanqid ostiga olindi. 

"Soliq-byudjyet siyosatiga qat'iy amal qilish, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini bajarish, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hajmi, yirik investitsiya loyihalari va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashni moliyalashtirish, eng avvalo, Moliya vazirligi va shaxsan vazirning faoliyati samaradorligi bilan belgilanadi". 

Shu o‘rinda davlat rahbari majlis ishtirokchilariga murojaat qilib, ularga muhim va og‘riqli savollar bilan yuzlandi. 

"Ushbu masalalar qay darajada samaradorlik bilan hal etilmoqda? Nima sababdan moliya vazirining Nizomi 1992 yilda tasdiqlangan bo‘lsa-da, 25 yildan beri asosiy vazifa va funksiyalar tubdan qayta ko‘rib chiqilmagan? Axir islohotlar vazirlik va uning rahbariyatiga taalluqli emasmi? Nima sababdan o‘ziga yuklatilgan eng muhim vazifalarni samarali bajarish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashni ta'minlamayapti? Axir vazirlik tarkibida 16 mingdan ortiq xodim ishlaydi. 16 ming! Haddan tashqari kengayib ketgan markaziy apparat, hududiy organlar, g‘aznachilik, nazorat-taftish boshqarmasi, pensiya jamg‘armasi va yana 4ta maxsus jamg‘arma mavjud. Ularni saqlash uchun byudjyetdan har yili 350 milliard so‘m xarajat qilinadi. 

Eng muhimi, dasturlar va loyihalar bo‘yicha qabul qilingan ayrim qarorlar yo umuman real moliyalashtirish manbalari bilan ta'minlanmagan, yoki qoldik prinsipi bo‘yicha moliyalashtiriladi. Nima sababdan to‘lov intizomi oqsayapti? Mana shu sababdan! 

Jami 18 trillion so‘mlik debitor qarzdorlikdan 11 trillion so‘m yoki 60 foizi oxirgi uch yil mobaynida cho‘zilib kelinyapti. Nima uchun ushbu muammo bilan muddati o‘tgan qarzdorlikni qisqartirish komissiyasi boshchilik qiladigan moliya vaziri va Markaziy bank raisi jiddiy shug‘ullanmaydi? 

Nima sababdan plastik kartochkalarni muomalaga kiritishdan ilgari barcha mexanizmlar puxta ishlab chiqilmagan? Nima uchun ko‘plab tashkilotlar, eng avvalo, byudjyet tashkilotlar xodimlari - o‘qituvchilar, shifokorlar, xizmatchilar va hatto nafaqaxo‘rlar ayrim amaldorlarning "yangiliklari"dan qiynalishlari kerak?

Mavzuga oid