O‘zbekistonda 2016 yilda tibbiyot xodimlari bilan bog‘liq 174 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi bir qator muhim kamchiliklar haqida so‘z yuritdi.
“Ma'lumki, biz ijtimoiy sohada aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, dori vositalari bilan ishonchli ta'minlash, jismoniy baquvvat va ma'naviy jihatdan sog‘lom avlodni kamol toptirish masalalariga alohida ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.
Ana shu muhim sohalarda qanday muammolar bor? Bundan ilgari ham sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan Bosh vazir o‘rinbosari A.Ikromovga murojaat qilib so‘ramoqchiman:
birinchidan, nima sababdan o‘tgan shuncha yil mobaynida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, eng avvalo, qishloq vrachlik punktlarini isloh qilish samaradorligi ta'minlanmadi? Bugungi kunda ularda 2 ming 500 nafar vrach yetishmaydi, bu maskanlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va dori vositalari bilan ta'minlash darajasi juda past;
ikkinchidan, diagnostika darajasi pastligi va vrachlarning malakasi yetarli emasligi natijasida yiliga 30 mingdan ziyod yurtdoshimiz davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga borishga va oila byudjyetidan katta mablag‘ sarflashga majbur bo‘layotganidan sizning xabaringiz yo‘qmi?
uchinchidan, siz qachon tez tibbiy yordamning barcha tuzilmalarida tartib o‘rnatib, ularning barqaror ishlashini ta'minlaysiz? Nima sababdan ular aksariyat holatlarda bemorlarga haqiqiy tez yordam ko‘rsata olmaydi?
to‘rtinchidan, tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi salbiy holatlarga qachon barham beriladi? Bu borada faqatgina o‘tgan yilning o‘zida 174 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sog‘liqni saqlash xodimlari bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘ruqxonalardagi ta'magirlik bilan bog‘liq salbiy holatlar to‘g‘risida sizga va tizim rahbarlariga alohida aytgan edim;
beshinchidan, siz nima sababdan ekologiyaning jiddiy muammolari bilan yetarlicha shug‘ullanmayapsiz? Axir, bu soha odamlarning sog‘ligiga va mamlakatimizdagi epidemiologik holatga ta'sir qilmaydimi?
oltinchidan, shaxsan siz va «Dori-darmon» kompaniyasi rahbari A.Komilov nima sababdan dorixonalar tarmog‘idagi jiddiy kamchiliklarga panja orasidan qarab, ularni bartaraf etish uchun ta'sirchan choralarni ko‘rmayapsiz? Axir, bu sohada qimmat dorilarning 45 foizini import dorilar, buning ustiga, narxi haddan tashqari oshirib yuborilgan dorilar tashkil etadi.
Adham Ilhomovich, siz rahbarlik qilayotgan kompleksning yana bir muhim tarmog‘i – jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bilan bog‘liq. Albatta, bu sohada, ayniqsa, oliy mahorat sporti borasida keyingi yillarda muayyan yutuqlarimiz bor. Biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Lekin oxirgi Olimpiadada faqatgina og‘ir atletika, boks, kurash va dzyudo bo‘yicha sovrinli o‘rinlar egallandi. Buning sababi nimada?
So‘nggi besh yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjyetdan 1 trillion 230 milliard so‘m ajratilgan. Bu – Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘laridan tashqari”, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Mavzuga oid
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
21:29 / 27.09.2024
Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi
18:26 / 16.09.2024
IIBning sharmandali “rezultat”i hamda “yasalgan” jinoyat: xasta va himoyasiz ayol qamoqqa tashlandi
14:07 / 12.09.2024