Jamiyat | 22:09 / 18.01.2017
13643
11 daqiqa o‘qiladi

Hech bir mafkura bo‘ronlari ildizi chuqur ketgan xalqni yiqita olmaydi

Foto: O‘zA

Bugungi kunga kelib, muayyan mamlakatni zabt etish, biror xalqni bo‘ysundirish vositalari tubdan o‘zgarib ketdi. Ilgari bu maqsadlarga erishish uchun qanchadan-qancha qurol-aslaha, qimmmatbaho texnika, minglab askarlar va ancha-muncha vaqt ham kerak bo‘lar edi.

Hozirda esa biror mamlakat yoki xalqni bo‘ysindirish uchun ommaviy axborot vositalarining o‘zi kifoya qilmoqda. Kuch ishlatish, majburlash, zo‘ravonlik axborot orqali ta'sir qilish, odamlarni biror bir g‘oyaga ishontirish, ongni boshqarish texnologiyalariga o‘rin bo‘shatmoqda.

Kuch orqali maqsadga erishish insoniyat tomonidan birdek qoralanadi, chunki bunda insonga jismoniy og‘riq, shikast, moddiy zarar yetkaziladi. Ishontirish vositasida xarakat qilayotganlarni esa biror narsada ayblash qiyin. Zero, ular targ‘ib qilayotgan g‘oyalari ortida qanday manfaatlar yashiringanini bilish oson emas. Vaholanki, so‘z, fikr, axborot orqali inson tafakkurini zabt etish ham xalq, mamlakat, hududni bosib olishning biroz madaniylashgan ko‘rinishi hisoblanadi, biroq bunda istilochining kim ekani noma'lum bo‘ladi, hatto aholi o‘zini bosib olish uchun kim kurash olib borayotganini anglamaydi ham.

Hozirda “globallashuv” va “ommaviy madaniyat” yoxud “olomoncha madaniyat” degan yaltiroq va jozibador nomlar bilan keng ko‘lamda targ‘ib etilayotgan tushunchalar ham mustamlakachilikning yangi ko‘rinishida asosiy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Xo‘sh, ommaviy madaniyat nima o‘zi? “Ommaviy madaniyat” yoki “olomoncha madaniyat” deya tarjima qilayotgan tushunchamiz g‘arbda «populyar» yoki «pop-kultura» (inglizcha “pop culture”) deb ataladi. Bu nom dunyoni boshqarish va butun dunyo ustidan hukmronlikka erishishni maqsad qilgan ayrim g‘arb davlatlari tomonidan o‘ylab topilib, muomalaga kiritilgan, u “ommaviy madaniyat” yoxud “olomoncha madaniyat” degan so‘zlardan ko‘zlangan asl maqsadni niqoblash uchun ishlatiladi.

Olomoncha madaniyat xalqlarning necha ming yillardan beri qalbida ardoqlab kelayotgan qadriyatlarini, odob-axloq tamoyillarini tagidan yemirishga, odamlarni ongu shuuridan, hamiyatidan, iymon-e'tiqodidan ayirib, ma'naviyatsiz, axloqiy tuban manqurtga aylantirishga xizmat qiladi.

Ayrim mutaxassislar (faylasuf va jamiyatshunos olimlar)ning fikricha, aslida mazkur oqimni “madaniyat” deb atashning o‘zi noto‘g‘ri hisoblanadi. Biroq hali ilm-fanda «antikultura» «g‘ayrimadaniyat» yoki “aksilmadaniyat” tushunchalari ilmiy shakllanmaganligi uchun «olomoncha madaniyat» degan nom nochorlikdan qo‘llanmoqda, chunki  «olomoncha madaniyat» aslida madaniyatsizlik, ma'naviyatsizlik va axloqsizlikning sinonimidir. Shu bois «olomoncha madaniyat», eng avvalo, yuksak iste'dod va o‘lmas ma'naviy-axloqiy g‘oyalar bayroqdori bo‘lgan mumtoz madaniyatga, san'atga, uning boyliklariga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashib, uni inkor etib kelyapti.

Olomoncha madaniyat niqobi ostida avval muayyan xalq va elatlarning qadriyatlari qadrsizlantiriladi. Odamlar azal-azaldan insoniy fitratga zid, deb sanab kelgan axloqiy razilliklarga tabiiy va chiroyli tus beriladi. Kino, teatr va ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye va internet tarmog‘i orqali turfa xil buzuqliklar, zino va hamjinsbozlik nihoyatda oddiy va kundalik narsalar sifatida namoyish qilinib, targ‘ib va tashviq etiladi. Odamlarning eng past instinktlari, hayvoniy hirs va g‘arizalarini qondirishga keng yo‘l ochib beriladi. Natijada kishilar faqat hayvoniy hirsiga qul bo‘lgan tuban kimsalarga aylanib boradi.

Agar «olomoncha madaniyat» dunyoga «ehson» etayotgan «pop-art» («tasviriy san'at»), «pop-musiqa», «pop-adabiyot» natijalariga qarab hukm yuritadigan bo‘lsak, ular insoniyat yaratgan barcha qadriyatlarni isyonkorlik bilan inkor etadi: yuksak madaniyat, ma'naviyat, axloq va  yuksak orzu-maqsadlarni mensimaydi… Eng muqaddas diniy tushunchalar va ilohiy buyruqlar ham bular uchun bir pul. Ular uchun ezgulikning o‘zi yo‘q. Jumladan, san'at – alohida iste'dodlar tomonidan yaratiladigan ma'naviy boylik, mo‘'jiza ekanligi kabi ijodning oliy mezonlari «olomoncha madaniyat» tarafdorlarining g‘ashini keltiradi. Ularning fikricha, hamma san'atkor bo‘lishi mumkin. Hamma narsa san'at deb atalishi mumkin. «Pop-art» – (olomoncha san'at) shu xulosa manbaida vujudga kelgan.

«Olomoncha madaniyat» tarkibidagi kishilarning dasturiy qarashi shundayki, ular insonni emas, aksincha,  narsalar va buyumlarni e'zozlashadi. Ma'naviy dunyoni emas, maishiy-iste'molchilik his-tuyg‘ularini qadrlaydilar va ularni keng ommalashtirishga intiladilar.

Ularning ma'naviy pozitsiyasi ma'naviyatni o‘ldirish va «predmetlarga qullik»ni rag‘batlantirishdir. Amerikaning taniqli adibi R. Bredberi aytganidek, «olomoncha madaniyat» maktabidan o‘tgan avlod uchun hayotning ma'nosi – avtomobil, televizor, kompyuter va shunga o‘xshash texnik vositalargagina ega bo‘lishdir.  «Olomoncha madaniyat»da «olomoncha musiqa»  alohida o‘rin tutadi. «Olomoncha musiqa»ni «yangi rok» belgilaydi. «Yangi rok», ta'bir joiz bo‘lsa, kuchaytirilgan ritmik tuzilmali musiqadir, ya'ni jazavali ritm, zarb, shovqin ushbu musiqaning qiyofasidir. Bu musiqa tinglab, ma'naviy ozuqa olishga  emas, balki vujud harakatiga, talvasali raqsga yo‘naltirilgan.

Olomoncha madaniyat balosini keng ko‘lamda yoyishda global tarmoqdan ham keng miqyosda foydalanilayotganini alohida qayd etish lozim. Aslida yaxshilikka xizmat qilish uchun yaratilgan bu narsa taassuflar bo‘lsinki, yaxshi narsalar bilan birgalikda buzg‘unchilik materiallari bilan ham to‘lib toshgan.

Axloqsizlik, pornografiya, kelajakka ishonchsizlik, alkogolizm va giyohvandlik kabi illatlarni targ‘ib etuvchi foto, audio, video va boshqa ko‘rinishdagi materiallar global axborot tarmog‘iga joylashtirilgan millionlab saytlar olomoncha madaniyatni targ‘ib etuvchi g‘arazli kuchlar uchun qo‘l kelmoqda. Ular kattalarga nisbatan yoshlarni osonroq jalb etadilar, chunki har qanday daraxtga uning niholligida shakl berish kelajakda to‘g‘ri o‘sishiga olib keladi. Yoshlar axborotlarni oson o‘zlashtiradilar, ularning kiyinish, yurish-turishlariga taqlid qiladilar, muomala-munosabatlarni o‘z hayotlarida ham sinab ko‘rishga intiladilar. Millatning ko‘hna qadriyatlari, milliylik, o‘zlik, madaniyat va ma'naviyatiga putur yetkazish esa inson qalbi va ongini ana shunday egallashdan boshlanadi. Shu bois farzandlarimizda yangilikka nisbatan ongli munosabatni shakllantirishga jiddiyroq yondashishimiz, qalblarida ma'naviy bo‘shliq yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur.

Olomoncha madaniyat to‘lqiniga qarshi qanday kurashgan afzal?

Olomoncha madaniyat globallashuv ko‘lankasi ostida kirib kelayapti. Derazani ochsangiz, xonaga toza havo bilan birgalikda chang va turli zararli hasharotlar ham kirib kelganidek, olomoncha madaniyat unsurlari ham dunyoga ommaviy axborot vositalari orqali kirib kelmoqda.

Internetga qarshi bo‘lish “soyda shiddat bilan kelayotgan selga ko‘krak tutaman, to‘sib qolaman” deyish bilan barobar. Biroq, undan ezgulik, yaxshilik, ilm-fan, kelajak yo‘lida foydalanishni o‘rganishimiz kerak. Millatning asrlar davomida shakllanib qolgan ma'naviy qadriyatlarini, xalqimizning ulug‘ fazilatlarini qalqon qilishimiz kerak. Buning uchun har birimiz o‘zimizda milliy qadriyatlardan kuch olgan mafkura immunitetini shakllantirishimiz lozim. Qush ham uyasini but saqlash uchun kurashadi. Inim buzilmasin, deydi. Xavf-xatarga ko‘ksini tutishga o‘zida kuch topadi. Biz yuqorida aytgan gaplar xavf-xatar emasmi?! Har holda qush emasmiz-ku! Insonmiz, oilamiz bor! Oiladagi o‘smir esa bizning hayotimiz davomchisi!

Bizning o‘zbek millatimiz, avvalo, musulmon millatdir. Musulmonchilik an'analari bizning qon-qonimizga singib ketgan. Xalqimizdagi barcha ezgu xislatlar, go‘zal urf-odatlar dinimiz asoslaridan kelib chiqqan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Boz ustiga, xalqimiz muqaddas dinimiz Islomga chuqur hurmat bilan qaraydi. Prezident Islom Karimov so‘zlari bilan ifodalaganda, «din bizning qon-qonimizga, ongu shuurimizga shu qadar teran singib ketganki, uni hech qanday kuch, hech qanday tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi».

Dinimiz tinchlik dini, u insonlarni go‘zal xulqli bo‘lish, o‘zganing haqqidan hazar qilish, birovga hasad ko‘zi bilan qaramaslik, tirik mavjdotga ozor  bermaslik, qo‘shnichilik haqlariga rioya qilish, vaqtni behuda o‘tkazmaslik, umrning qadriga yetish, barchaga ezgulik ulashish, ota-onaga yaxshilik qilish, keksalarni hurmat, kichikni izzat qilishga chaqiradi. Zino, bachchabozlik, o‘g‘rilik, qotillik kabi barcha illatlardan qaytaradi.

Shunday ekan, yoshlarimizni tarbiyalashda dinimiz ko‘rsatmalariga murojaat qilish ham olomoncha madaniyat, globallashuv kabi ma'naviy tahdidlar xatarini bartaraf qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, degan fikrdamiz. Binobarin, yoshlarimizga milliy qadriyatlarimiz, urf odatlarimiz, Islom dinini to‘g‘ri yetkazsak, ularni bugungi kun ofatlar iskanjasidan saqlab qolgan bo‘lamiz.

Daraxtning tanasi qancha yo‘g‘on, shox-navdalari qanchalik ko‘p, serbarg va sermeva bo‘lmasin, uning ildizi baquvvat emas ekan - quriydi, yoxud arzimas shamollar uni gupillatib qulatadi. Bugun millat haqida ham shunday deyishimiz mumkin… Daraxtni ildiz ushlab turadi, millatni esa ulug‘ qadriyatlar tutib qoladi. Hech bir mafkura bo‘ronlari ildizi, mafkurasi chuqur ketgan xalqni yiqita olmaydi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome' masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid