Jamiyat | 21:18 / 19.01.2017
16055
7 daqiqa o‘qiladi

Shubha aralashgan foydalarni tark qilish - tijorat odoblaridan biri

Tijorat odoblaridan biri shubhali narsalarni, shubha aralashgan foydalarni tark qilishdir. Shubhali deganda halol yoki haromligi aniq bo‘lmagan va kishi ko‘nglida g‘ashlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan nar­salar tushuniladi. Bunday holatlar tijoratda ko‘p uchraydi.

Hadisi sharifda:

عن أبي عبد الله النعمان بن بشير رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وآله وسلم يقول: إن الحلال بين وإن الحرام بين وبينهما أمور مشتبهات لا يعلمهن كثير من الناس فمن اتقى الشبهات فقد استبرأ لدينه وعرضه ومن وقع في الشبهات وقع في الحرام كالراعي يرعى حول الحمى يوشك أن يرتع فيه ألا وإن لكل ملك حمى ألا وإن حمى الله محارمه ألا وإن في الجسد مضغة إذا صلحت صلح الجسد كله وإذا فسدت فسد الجسد كله ألا وهي القلب

Abu Abdulloh No‘'mon ibn Bashirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Men Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) bunday deganlarini eshitdim: “Darhaqiqat, halol narsalar ochiq-ravshandir, harom narsalar ham ochiq-ravshandir. U ikkisining o‘rtasida esa, (halol yoki haromligi ko‘pchilik uchun noaniq bo‘lgan) ishtibohli narsalar ham borki, ko‘pchilik ularni (ng hukmini) bilmaydi. Bas, kimki shunday shubhali narsalardan o‘zini ehtiyot qilsa, dinini (ya'ni taqvosini nuqson-kamchiliklardan), nomusi, obro‘sini (turli gap-so‘zlardan) pokiza asrab qoladi. Ammo kimki shubhali narsalarga o‘ralashib qolsa, haromga ham tushib qoladi. Buning misoli (ya'ni ishtibohli narsalardan saqlanmaydigan kishining misoli) birovning qo‘rg‘oni atrofida suruvini o‘tlatib yurgan cho‘ponga o‘xshaydiki, uning qo‘ylari sal qolsa, o‘sha qo‘rg‘onga kirib ketadi. Ogoh bo‘ling, har bir podshohning o‘z qo‘rg‘oni bo‘ladi. Ogoh bo‘ling, Allohning qo‘rg‘oni Uning harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘ling, jasadda bir parcha go‘sht borki, agar u sog‘lom bo‘lsa, butun jasad sog‘-salomat bo‘ladi. Agar u aynisa, butun jasad buziladi. Ogoh bo‘ling, u parcha go‘sht qalbdir” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Imom Navaviy ushbu hadis sharhida aytadi: “Narsalar uch qismga bo‘linadi: Non yemoq, gapirmoq, yurmoq kabi halolligi ochiq-ravshan bo‘lgan narsalar. Aroq ichish, zino qilish kabi haromligi ochiq-ravshan bo‘lgan ishlar. Yana na halolligi va na haromligi aniq bo‘lgan ishtibohli narsalar ham borki, ularning hukmini ko‘pchilik bilmaydi. Ulamolar esa oyat-hadis hujjati bilan yoki qiyos orqali ularning hukmini aniqlashadi. Demak, biron narsaning halol yoki harom ekanligida ishtiboh tug‘ilsa va bu borada oyat-hadisdan va ijmodan dalil topilmasa, mujtahid olim shu mavzuda ijtihod qilishi va shar'iy dalil bilan o‘sha noaniq narsani halolga yoki haromga nisbatlab berishi lozim bo‘ladi”.

Abu Dardo (roziyallohu anhu) bunday deganlar: “Komil taqvo bandaning Alloh taolodan hatto zarracha narsa xususida ham qo‘rqmog‘i va o‘zi bilan harom o‘rtasiga to‘siq qo‘yish maqsadida harom bo‘lishi ehtimolidan qo‘rqib, ba'zi halol narsalarni ham tark qilmog‘idir”.

Hasan Basriy aytadi: “Taqvodor kishilarda taqvo shu darajaga borib yetadiki, ular haromdan qo‘rqqanlari bois, ko‘pgina halol narsalardan ham tiyilib turadilar”.

Sufyon Savriy aytadi: “Taqvodor kishilar odatda taqvo qilinmasa ham bo‘laveradigan masalalarda ham o‘zlarini tiyganliklari bois taqvodor deb nomlandilar”.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) bunday deganlar: “Men o‘zim bilan harom narsalar o‘rtasida aslida halol narsalardan iborat bir parda qo‘yib, uni hech qachon buzmaslikni xohlar edim”.

Sufyon ibn Uyayna aytadi: “Banda toki o‘zi bilan harom o‘rtasida haloldan bo‘lgan bir to‘siq qo‘ymagunicha hamda gunoh va shubhali narsalarni tark qilmagunicha imon haqiqatiga erisha olmaydi”.

Rivoyat qilinishicha, Abu Bakr (roziyallohu anhu) hayotlarida bir marta bilmagan holda shubhali narsani yeb qo‘yadilar. Siddiqqa (roziyallohu anhu) haligi narsaning shubhali ekani aytilgach, darhol barmoqlarini og‘izlariga tiqib, qayt qilib tashlaydilar.

Halol yo haromligi noaniq bo‘lgan narsalardan yiroq yurish kishining taqvosidan dalolat beradi. Ammo taqvo qilish da'vosi bilan aslida harom bo‘lishi ehtimoli juda ham yiroq bo‘lgan narsalardan-da tiyilib, vasvasaga tushish noto‘g‘ri. Bunday qilish tark qilinmog‘i afzal bo‘lgan shubhalar jumlasiga kirmaydi. Misol uchun, hech bir hujjatga ega bo‘lmay turib, birontasiga uylansam-u, kelin menga noma'lum tarafdan mahram bo‘lib chiqsa, nima qilaman, degan andisha bilan uylanmay yurish yoki najosat aralashgan bo‘lsa-chi, degan gumon bilan cho‘lda topilgan suvni ichmay o‘ziga zulm qilish kabi “parhezkorliklar” taqvodan emas, balki shaytoniy bir vasvasa xolos.

Hozir globallashuv davrida yashayapmiz, kundan-kunga savdo-sotiqqa oid yangiliklar paydo bo‘lmoqda. Ba'zan savdo bitimlarining shunday turlari chiqib qoladiki, inson uning hukmini bilolmay ojiz qoladi yoki ba'zilarini eshitib, ko‘ngliga xijillik va shubha oralaydi. Ana shunday vaziyatlarda shar'iy va qonuniy jihatdan hukmi o‘rganilmaguncha o‘sha ish yoki narsadan saqlanib turish tavsiya etiladi.

Hadisda “Seni shubhalantiradigan narsani tashlab, shubhaga solmaydiganini olaver (qilaver)” (Nasoiy va Imom Termiziy rivoyati), deya o‘git beriladi. Shu bilan bir qatorda, tijoratchi yoki tadbirkor haromga tushib qolmaslik uchun amalga oshirayotgan savdo turlari va ko‘rinishlaridan birortasining hukmini bilmasa, mazkur narsalar borasida ilm ahli bilan maslahatlashib olishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero, Qur'oni Karimda “Agar bilmasangiz, zikr (ilm) ahlidan so‘rang!” (Nahl, 43), deyilgan.

Rahmatulloh Sayfuddinov

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome' masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid