11:17 / 21.01.2017
5101

Suriya qurolli mojaro oqibatida mamlakatga 178 milliard dollar zarar yetkazilganini ma'lum qildi

Suriyada qurolli mojaro oqibatida davlat va xususiy mulk obektlariga yetkazilgan moliyaviy zarar miqdori 178 milliard AQSh dollaridan oshib ketdi. Bu haqda mamlakatning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Munzer Munzer tashkilot Xavfsizlik Kengashi kotibiyatiga yo‘llagan maktubida aytib o‘tgan.

BMT saytida taqdim etilgan hujjatda “Suriya Arab Respublikasidagi davlat va xususiy mulk obektlari, jumladan kommunal xo‘jalik obektlariga doimiy ravishda mol-mulkni qurollangan terrorchilik guruhlari tomonidan yo‘q qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar” haqidagi ma'lumotlar aks etgan jadvallar keltiriladi.

Suriya hukumatining taxminlariga ko‘ra, bu davr mobaynida vazirlik va ularning idoralariga bevosita yetkazilgan zarar miqdori 27 milliard dollar, bilvosita zarar esa 151 milliard dollarni tashkil etdi. Eng ko‘p talafot neft va mineral resurslar vazirligi tarkibida bo‘lgan bino va infratuzilmalarga yetkazildi – 18,7 milliard dollar. Sanoat vazirligi esa 930 million dollardan ortiq chiqim haqida xabar bergan.

Maktubga ko‘ra, harbiy harakatlar taxminan 8,3 ming davlat xizmatchisining o‘limiga olib kelgan, yana 12,5 ming inson jarohat olgan. Umumiy hisobda 25,5 ming bino va 1194ta madaniy meros obekti qisman yoki butunlay yo‘q qilindi. Shuningdek, 31 mingdan ortiq transport vositasi o‘g‘irlandi yoki ularga zarar yetdi.

Suriya doimiy vakili o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, hukumatga mojaro vaqtida xususiy mol-mulkka yetkazilgan zarar bo‘yicha tovon puli to‘lanishi talab qilingan 199 ming ariza kelib tushdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 87 ming murojaat ko‘rib chiqilib, ulardan 51 mingtasi qanoatlantirildi. Tovon pullarining umumiy miqdori 73 million dollarni tashkil qildi. Eng ko‘p mablag‘ – Xama viloyatida to‘lab berilgan – 31 million dollar.

Top