Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyada kurdlar muxtoriyati tugatildi
Ular Asadga qarshi kurashgan va IShID ustidan g‘alaba qozongandi. AQSh azaliy ittifoqchisini emas, Suriyadagi yangi hokimiyatni tanladi. Endi ushbu muxtoriyat Damashq hukmronligi ostiga o‘tadi.
Foto: Bakr ALkasem / AFP / Scanpix / LETA
Suriyada Rojava nomi bilan tanilgan kurdlar muxtoriyati tugatildi. U qariyb 14 yil mobaynida mavjud bo‘lib, Bashar Asad rejimi, suriyalik ishidchilar hamda turklar homiyligidagi «proksi» kuchlarning hujumlariga bardosh berib kelgandi. Ular IShID ustidan g‘alaba qozongan – va «demokratik konfederalizm» namunasiga aylangandi. Ahmad ash-Shar’a rahbarligidagi kuchlar Asad hokimiyatini ag‘dargach, Rojava tashqi qo‘llovdan, birinchi navbatda Amerika yordamidan mahrum bo‘ldi. Suriyaning yangi rejimi bir yil mobaynida kuch to‘pladi va yanvar oyida qat’iy hujumga o‘tdi. Muxtoriyat ikki hafta qarshilik ko‘rsatdi va keyin amalda to‘liq taslim bo‘ldi.
Rojavani kurdlar muxtoriyati deb atash u qadar to‘g‘ri emas: kurdlar bu hudud aholisining yarmidan biroz ko‘prog‘ini tashkil etib, arablar, ossuriyaliklar, turkmanlar va boshqa xalqlar bilan tinch-totuv yashab kelishgan. Muxtoriyat asosan kurd ko‘ngillilari ustunlik qilgan qurolli guruhlar koalitsiyasi – Suriya demokratik kuchlari (SDF abbreviaturasi bilan mashhur) tomonidan tashkil etilgan. Siyosiy ishlar bilan esa Demokratik ittifoq shug‘ullangan – bu amalda o‘zini o‘zi mudofaa qilish otryadlarining siyosiy qanoti hamda Kurdiston ishchilar partiyasining Suriyadagi bo‘limi hisoblangan.
Rojavadagi muhim ramziy figura Abdulla O‘jalan edi – u Kurdiston ishchilar partiyasi yetakchisi bo‘lib, ayni damda Turkiya qamoqxonasida saqlanmoqda. Eng mashhur shior O‘jalan tomonidan ilgari surilgan «Ayol, hayot, erkinlik» shiori bo‘lgan. Rojava nomining o‘zi esa kurdchada «g‘arb» degani.
Sertac Kayar / Reuters / Scanpix / LETA
Muxtoriyat 2012 yilda, Suriyada fuqarolik urushi boshlangan davrda, Suriya shimoli-sharqidagi hududda, Frot daryosining narigi sohilida (Frotorti mintaqasi) tashkil etilgan. 2013 yilda IShIDning asosiy zarbasi aynan mazkur hudud bo‘ylab berilgandi. Mintaqadagi eng yirik shahar hisoblangan Raqqa o‘shanda IShID poytaxtiga aylanadi. Ammo guruh baribir hudud ustidan to‘liq nazorat o‘rnata olmaydi va bunga birinchi navbatda SDF kuchlari, ya’ni kurdlar va ularning ittifoqchilari qarshiligi tufayli erishiladi.
IShIDga qarshi urushda AQSh, Rossiya, Eron va boshqa ko‘plab mamlakatlar ham ishtirok etgan, ammo bu davlatlar asosan havo zarbalari yo‘llash bilan cheklangan, quruqlikda esa SDF jang qilgandi. Ularni asosan AQSh qurollantirgan va moliyalashtirgan. 2015 yil yanvarida SDF kuchlari Kobani ostonasida IShIDning Suriya shimoliga yurishini to‘xtatadi, 2017 yil oktyabrida esa Raqqani qaytarib oladi – bu amalda IShIDning to‘liq mag‘lubiyatini edi.
Rojava yangi tarixda de fakto kurdlarning ikkinchi muxtoriyati bo‘ldi – 1990-1991 yillarda AQShning Saddam Husayn boshqaruviga qarshi «Cho‘l bo‘roni» operatsiyasidan keyin paydo bo‘lgan Iroq Kurdistonidan keyin. Ammo Iroq Kurdistonida siyosat asosan Yaqin Sharqqa xos bo‘lgan qabilalar kurashiga (bu holatda Barzoniy va Talaboniy) qaratilgan bo‘lsa, Rojavada mafkuraviy tamoyil ustunlik qildi.
Muxtoriyat «demokratik konfederalizm»ga asoslangan – bu Abdulla O‘jalan tomonidan ishlab chiqilgan va Ijtimoiy shartnomada mustahkamlangan o‘ziga xos siyosiy tizim bo‘lib, amalda konstitutsiyaning muqobili edi. Ushbu tizim quyidagilarni nazarda tutadi:
- hokimiyatni maksimal darajada markazsizlashtirish: eng katta vakolatlar munitsipal darajada jamlanadi;
- to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya usullari bilan o‘zini o‘zi boshqarish: joylardagi eng muhim qarorlar deputatlar yoki amaldorlar tomonidan emas, balki aholining o‘zi tomonidan qabul qilinadi;
- ko‘ngillilardan tuzilgan o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari foydasiga professional armiyadan voz kechish;
- dunyoviylik, diniy bag‘rikenglik, tolerantlik va «jineologiya» (feminizmning o‘ziga xos ko‘rinishi); IShID ustidan g‘alaba qozongan Rojavadagi ikki lashkarning biri faqat ayollardan iborat bo‘lgani bejiz emas;
- atrof-muhitga sidqidildan qayg‘urish.
Rojava asosan G‘arbdagi so‘l kuchlarning sa’y-harakatlari bilan romantik makonga aylantirildi: butun dunyoga qarshi kurashayotgan xalq tomonidan qurilgan libertar-sotsialistik utopiya. Shu bilan birga, hatto azaldan milliy ozodlik harakatlarini yoqlab kelgan Amnesty International tashkiloti ham SDF’ni harbiy jinoyatlarda, jumladan, zo‘ravonlik ishlatish va qishloqlarni yo‘q qilishda aybladi (lekin guruhni «milliy ozodlik harakati» deb emas, balki «AQSh ittifoqchilari» deb atashni afzal ko‘rdi). «Demokratik konfederalizm» amalda Demokratik ittifoqning (SDF’ning siyosiy qanoti) partiyaviy avtoritarizmiga aylandi. Muxtoriyatning iqtisodiy asosi esa qora bozordagi neft savdosi edi.
2024 yil dekabriga kelib, Bashar Asad rejimi qulaganida, SDF saflarida 100 mingga yaqin jangchi bor edi – bu amalda Suriyadagi eng yirik harbiy guruh bo‘lib turgandi. Rojava rasmiylari Suriyadan ajralib chiqmoqchi emasligi va yangi hukumat bilan urushmoqchi emasligini bildirishdi. Ammo ular yangi davlatga integratsiya qilinishi uchun o‘z shartlarini qo‘yishdi. Birinchidan, ular Damashq kurdlar muxtoriyatini rasman tan olishni va umuman olganda, Suriya to‘laqonli federatsiyaga aylanishini talab qilishdi. Ikkinchidan, kurd lashkarlari tarqatib yuborilmasligi, balki o‘z tuzilishini saqlab qolgan holda maxsus bo‘linmalar sifatida yangi armiya tarkibiga kiritilishi kerak edi.
Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Shar’aga bu shartlar ma’qul kelmadi. U Suriya federallashtirilishiga mutlaqo qarshi edi: uning uchun bu amalda davlat parchalanishini anglatardi. Kurdlardan keyin boshqa jamoalar, birinchi navbatda, druzlar va alaviylar muxtoriyatni talab qilgan bo‘lardi. Bundan tashqari, Rojavada Suriyaning eng yirik neft va gaz konlari joylashgan bo‘lib, mamlakatni iqtisodiy tiklashga jiddiy kirishish uchun ularni Damashq nazoratiga olish kerak bo‘ladi.
Masalaning tashqi siyosatga oid jihati ham bor edi. Rojava IShIDga qarshi urush davridan buyon AQSh homiyligidan foydalanib kelgan, ash-Shar’a ham ushbu mamlakat bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni istardi. Shu bilan birga, yangi rejimning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Turkiya ko‘p yillardan buyon o‘z hududida ham, qo‘shni davlatlar hududlarida ham kurdlarga qarshi kurash olib borgan (masalan, Iroq Kurdistonida Kurdiston ishchilar partiyasi panoh topgan Qandil tog‘larini bombalab kelgan).
Asad hokimiyatdan ag‘darilishi bilan Suriyadagi turklar ta’siridagi bir necha guruhlar SDF pozitsiyalariga yurish boshlagandi. Kurdlar Manbijni tashlab chiqishiga to‘g‘ri keldi – bu shahar Rojavaning Frot daryosi g‘arbiy sohilidagi muhim tayanchi hisoblanardi. Shundan keyin hududda bir muddat tinchlik hukm surdi. So‘nggi bir yil davomida bu sukunat mayda to‘qnashuvlar bilan buzilib turdi, ammo ular keng ko‘lamli harbiy harakatlarga aylanib ketmadi.
Shar’aning hukumati shafqatsiz choralar qo‘llagan holda boshqa bir «muammoli» regionni – alaviylarning O‘rta yer dengizi sohillaridagi Tartus va Lataqiya viloyatlarini o‘ziga bo‘ysundirdi. Keyin druzlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Suvaydada ham shunday yo‘l tutishga urindi, ammo Isroil tomonidan qo‘llovga ega bo‘lgan mahalliy qo‘shin qarshiligiga uchrab, ortga chekindi.
Fuqarolik urushi yillarida paydo bo‘lgan ko‘plab qurolli guruhlar asta-sekinlik bilan Suriyaning yangi armiyasi tarkibiga kiritildi. Ammo Shar’a bu armiyani SDF’ga qarshi tashlashga shoshilmadi: bu keng ko‘lamli urushga olib kelishi mumkin edi, uzoq yillik urush davomida vayronaga aylangan Suriya bunga tayyor emasdi. Prezident va uning vakillari 2025 yil davomida SDF qo‘mondoni Mazlum Abdi bilan muzokaralar olib bordi, ammo tinch integratsiya bo‘yicha kelishuvga erishilmadi.
Shu bilan bir vaqtda ash-Shar’a Suriyani xalqaro izolyatsiyadan chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. U hali Suriya prezidenti bo‘lmagan, «Hayyat tahrir ash-Shom» guruhiga yetakchilik qilib yurgan davrlaridayoq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hamda Qatar amiri Tamim bin Hamad bilan yaqin aloqalar o‘rnatgandi. Endi esa uning do‘stlari qatorida Saudiya Arabistoni taxti valiahdi va mamlakatning amaldagi hukmdori Muhammad ibn Salmon va Donald Trampning ko‘p yillik qadrdoni va safdoshi, o‘tgan yili AQShning Turkiyadagi elchisi hamda Suriya bo‘yicha maxsus vakiliga aylangan Tom Barrak ham bor.
Tramp ma’muriyati bir muddat ikki yondashuv o‘rtasida ikkilanib turdi: Suriya qo‘shni davlatlarga xavf tug‘dirmasligining garovi sifatida uni nomarkazlashtirish; yoki, aksincha, barqarorlik garovi sifatida uni kuchli rahbar qo‘l ostida birlashtirish. Birinchi yondashuvni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, ikkinchisini esa AQShning Yaqin Sharqdagi boshqa ittifoqchilari, birinchi navbatda, Muhammad ibn Salmon va Tamim bin Hamad targ‘ib qildi.
May oyida ash-Shar’a Tramp bilan bir vaqtda Saudiya Arabistoniga bordi va Amerika prezidenti bilan ilk bor uchrashdi. Muhammad ibn Salmon mezbon sifatida ularni bir-biriga tanishtirdi. Noyabr oyida esa Tramp ash-Shar’ani Oq uyda qabul qildi – bu vaqtga kelib AQSh talabi bilan Suriya prezidentidan oxirgi xalqaro sanksiyalar ham olib tashlangandi.
Tramp ma’muriyati Suriyada hokimiyatni markazlashtirishni tanladi. Albatta, cheklovlarsiz emas. Aftidan, ash-Shar’aga janubdagi daxlsizligi Isroil tomonidan kafolatlangan druzlar muxtoriyatiga teginishga ruxsat berilmagan. «Kurdlar muammosini» kuch bilan hal qilish uchun esa ash-Shar’ada kart-blansh bor edi.
Yanvar oyi boshida Suriya hukumati armiyasi Shayx-Maqsud va Ashrafiyaga yurish boshladi – Halab shahrining bu ikki tumani fuqarolik urushi boshidan buyon SDF nazorati ostida edi. 11 yanvar kuni kurd lashkari mag‘lubiyatini tan oldi va ushbu anklavni tark etdi.
Moawia Atrash / picture alliance / Getty Images
Qisqa muddatlik tanaffusdan keyin Damashq nazorati ostidagi kuchlar Rojava tomon yo‘lga tushishdi. 17–18 yanvar kunlari ular Frot daryosi bo‘yidagi muhim shaharlar – Raqqa va Dayr-az-Zorni, shuningdek, mintaqadagi yirik neft konlarini ham olishdi. SDF kuchlari esa yirik shaharlar va strategik punktlardan jangsiz chekindi.
Ghaith Alsayed / AP / Scanpix / LETA
18 yanvar kuni Suriya hukumati SDF bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganini e’lon qildi. Bunda Amerika maxsus vakili Tom Barrak vositachilik qilgan: u avvaliga Arbilda (Iroq Kurdistoni poytaxti) kurdlar qo‘mondoni Mazlum Abdi bilan, keyin esa Damashqda ash-Shar’a bilan uchrashdi. Abdi va ash-Shar’a o‘zaro muloqot qilishga ham ulgurishdi – faqat videoaloqa orqali.
O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv amalda SDF uchun to‘la taslim bo‘lish edi. Ular Dayr-az-Zor, Raqqa va Hasaka viloyatlarini – ya’ni Rojavaning butun hududini Damashq nazoratiga topshirish majburiyatini olishdi. SDF saflaridagi barcha guruhlar «individual asosda» – ya’ni alohida bo‘linmalar sifatida emas, balki yakkalik tartibida Suriya armiyasi va politsiyasi tarkibiga integratsiya qilinishi kerak. Bu amalda SDF kuchlari tarqatib yuborilishini anglatadi. Bundan tashqari, kelishuv Rojava hududidan xorijliklarni chiqarib yuborishni nazarda tutadi – bu o‘rinda gap birinchi navbatda Turkiya hukumati ta’qibidan qochib, ko‘ngillilar sifatida kelgan hamda boshpana olgan turkiyalik kurdlar haqida ketadi.
Baderkhan Ahmad / AP / Scanpix / LETA
Ushbu shiddatli operatsiya avjiga chiqqanida, 16 yanvar kuni, ash-Shar’a kurd tiliga rasmiy maqom berish hamda Navro‘zni Suriyada rasmiy bayram sifatida tan olish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Bular ramziy, lekin jiddiy yon berish hisoblanadi: o‘nlab yillar mobaynida Suriyadagi barcha rejimlarning siyosati bo‘lib kelgan arablashtirishdan namoyishkorona voz kechish; nafaqat arablarniki bo‘lmagan, balki ma’jusiylarga mansub bo‘lgan bayramning rasmiy taqvimga kiritilishi.
Ahmad Fallaha / EPA / Scanpix / LETA
Rojavaning integratsiya rejasi, shubhasiz, Tom Barrak orqali AQSh bilan kelishilgan yoki uning o‘zi tomonidan tuzilgan. Katta ehtimol bilan, reja kamida SDF qo‘mondonlari uchun daxlsizlik kafolatlarini nazarda tutadi. Masalan, Mazlum Abdi tez orada Damashqda Shar’a bilan uchrashishi kerak. Ko‘plab jangchilar – birinchi navbatda Suriya fuqaroligi bo‘lmaganlar – Iroq Kurdistoniga ketishini kutish mumkin. Endi Iroq shimolidagi bu hudud yana kurd xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi qisman bo‘lsa-da amalga oshiriladigan dunyodagi yagona joy bo‘lib qoldi.
Mavzuga oid
12:20 / 21.01.2026
Germaniyada minglab kishi kurdlarni qo‘llab-quvvatlash aksiyalariga chiqdi
15:22 / 19.01.2026
Germaniyada Suriya rahbari ash-Shar’aning tashrifiga qarshi aksiyalar o‘tkaziladi
10:40 / 19.01.2026
Suriya hukumati va kurdlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzoladi
17:30 / 18.01.2026