Jamiyat | 21:18 / 23.01.2017
10234
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxona xodimlari 1,8 tonnadan ziyod iste'mol muddati o‘tib ketgan oziq-ovqat mahsulotlarini ushlab qolishdi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarining qonuniy tarzda import qilinishi nafaqat iqtisodiy xavfsizligimizni himoya qilishga, balki, eng avvalo aholining salomatligini asrashga va ularni sifati kafolatlangan mahsulotlar bilan ta'minlashga xizmat qiladi.

Respublikamiz bojxona xodimlari tomonidan mazkur holatlarga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu turdagi qonunbuzarlik holatlarining oldi olinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar Roziqov, Alimova va Isayevlarning (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yildi.  

Ular sifatsiz hamda iste'mol muddati o‘tib ketgan oziq-ovqatlarni ichki bozorda pullash rejalashtirishgan ekan. Yuk egalari og‘irligi 1,8 tonnadan, qiymati esa 57,5 mln.so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjat taqdim qila olishmadi. Mahsulotlarning yorliqlari ko‘zdan kechirilganda, amaldagi tartiblarga zid ravishda tovarlar davlat tilida markalanmagani ham aniqlandi.

Raqamlarga murojat qilsak, 2016 yil davomida respublikamiz bojxona xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 3400 dan ortiq holatda qiymati salkam 4 mlrd. so‘m oziq-ovqat mahsulotlarining  noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid