O‘zbekiston | 21:00 / 26.01.2017
5857
2 daqiqa o‘qiladi

25 yillik munosabat: Yaponiya bosh vaziri O‘zbekiston Prezidentiga tabrik maktubi yo‘lladi

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan samimiy tabrik yo‘lladi.

Xatda O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kundan e'tiboran mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganligi tilga olinadi.


“2015 yil oktabr oyida, Yaponiya Bosh vaziri mamlakatingizga oxirgi tashrifidan 9 yil o‘tib, men Bosh vazir sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edim. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan muzokaralarimiz g‘oyat samarali bo‘lgan, biz turli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi haqida yakdil fikrga kelgan edik.

Mamlakatingizga tashrifim davomida Bosh vazir sifatida menga doimo hamrohlik qilganingiz va yuksak darajadagi mehmonnavozlik uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, ushbu tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarga yanada jadal sur'at bag‘ishladi, erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng miqyosli hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilmoqda”, deyiladi tabrik maktubida.

Yaponiya bosh vaziri o‘zining mazkur tabrik xatida siyosat va iqtisodiyot borasidagi munosabatlarni rivojlantirish, turli sohalarda, shu jumladan, madaniyat va ilm-fan sohalarida ham O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash uchun butun imkoniyatlarini ishga solishga tayyorligini bildirgan.

“Siz, Janobi Oliylari bilan "Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqoti doirasida ham faol hamkorlik qilishimizdan umidvorman.

Sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sog‘lik, faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilashga ruxsat etgaysiz”, deyiladi tabrik maktubida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid