19:56 / 27.01.2017
8401

AQSh elchisi: "Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni qurishda davom etishni istaydi"

"2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasiga bag‘ishlangan media-haftalik o‘z yakuniga yetdi. Haftalikning so‘nggi kunida tashkil etilgan anjumanda ko‘plab mehmonlar, diplomatik korpus vakillari, elchixona vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi. Kun.uz muxbiri AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlenning mazkur mediahaftalik va strategik loyihalar haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

"Ushbu tadbirda ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Mazkur rejalar nafaqat xalqaro hamjamiyat uchun, balki O‘zbekiston aholisi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman. Biz kelgusi besh yil davomida amalga oshiriladigan strategik rivojlanishning besh ustuvor yo‘nalishlaridan xabardor bo‘ldik. Ular katta islohotlar, imkoniyatlar, qator o‘zgarishlar kiritish va O‘zbekistonning xalqaro arenadagi mavqeini oshirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, shu kungacha mavjud bo‘lgan strategiyadagi islohotlarni davom ettiradi. AQSh O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni qurishda davom etishni istaydi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Afg‘oniston bilan munosabatlarini mustahkamlashdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi", - dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi.

Top