Barak Obama xotira kitobini yozsa, qancha ishlab topishi mumkinligi ma'lum qilindi
AQSh sobiq prezidenti Barak Obama o‘z xotiralar kitobi uchun 20 million AQSh dollari olishi mumkin. Bu haqda International Creative Management Partners agentligi nashriyot guruhi rahbari Ester Nyuberg The Hollywood Reporter jurnaliga ma'lum qildi. U kino, televideniye, musiqa, adabiyot va ko‘ngilochar sohalardagi ijodkor kishilar bilan ishlaydi.
"Obamaning xotiralar kitobi boshqa barcha prezidentlarnikiga qaraganda ancha qimmatroqqa baholanishi aniq", - dedi u.
Prinston universiteti tarixchisi Julian Zelizer ham shu fikrda. U AQShdagi prezidentlik institutini o‘rganadi.
Uning fikricha, Obamaga barcha prezidentlarga qaraganda qiziqish kuchliroq. “Barakka undan nafratlanuvchi konservatorlar ham, uning ishlaridan hayratga tushib, quvonuvchi liberallar ham katta qiziqish bildiradi”, - dedi u. Zelizerning taxminicha, Obamaga kitobi uchun Bill Klinton yoki kichik Jorj Bushdan ko‘proq mablag‘ taklif etishlari aniq.
Bush 2010 yilda nashrdan chiqarilgan “Hal qiluvchi qarorlar” kitobi uchun 7 million dollar haq olgandi. Klinton esa barcha Amerika sobiq prezidentlari uchun rekord sanalgan 15 million dollarni “Mening hayotim” xotira kitobi uchun olgan. U 2001 yilda 2,2 million nusxada taqdim etilgan.
The Hollywood Reporter’ning ta'kidlashicha, Obamaga kitob yozishda unga nutqlar tayyorlash bo‘yicha sobiq yordamchisi Kodi Kinan yordam beradi. Sobiq prezident avvalroq xotira kitobi ustidagi ishni “eng ustuvor vazifa” deb atagandi.
Jurnal, shuningdek, kitobni Mishel Obama ham yozishi mumkinligini ma'lum qilgan. Nyubergning fikricha, u Hillari Klintondan ham ko‘proq mablag‘ ishlab topishi mumkin. Klinton xonim “Jonli tarix” avtobiografiyasi uchun 8 million dollarga ega bo‘lgandi.