Jahon | 23:55 / 28.01.2026
1688
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp oldida ojiz Amerika

AQShning Minneapolis shahrida federal immigratsiya xizmati ICE xodimi 37 yoshli Amerika fuqarosi Aleks Prettini otib o‘ldirdi. Xuddi shu shaharda, xuddi shu xizmat xodimi 37 yoshli ayolni o‘tib o‘ldirganiga bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Qisqa vaqt ichida umuman boshqa ish bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan zobitlar bir shaharda ikki kishini otib o‘ldirgani amerikaliklarni shokka tushirdi.

Tramp yaqindagina qo‘shni davlat prezidentini olib qochdi, Yevropa markazidagi urushni «bir kunda tugatish» o‘rniga urushdan jabrlanayotgan davlatni ayblab yurdi, boshqa davlatga tegishli orolni bosib olishini aytib, Yevropa Ittifoqiga tahdid qildi. Eng «strategik» boshog‘rig‘i tuxum narxi oshishi bo‘lgan amerikaliklar esa milliarder Trampning bu ishlariga ko‘z yumdi.

Ammo qarashsa, xuddi shu Trampning buyrug‘i bilan muhojirlarni xo‘rlash bilan shug‘ullanayotgan politsiyachilar Amerika fuqarolarini hammaning ko‘z o‘ngida otib tashlashni boshladi. Shunda Sem amaki va jiyanlari nihoyat boshlarini tuxum terib qo‘yilgan peshtaxtadan ko‘tarib «ey, nimalar bo‘lyapti o‘zi?» deb atrofga qaray boshlashdi.

Kongress qani?

Amerikaliklar o‘zlarining «demokratiya himoyachisi» ekanini iddao qilib, ikki partiyaviy tizimi bilan maqtanadi. Go‘yoki doim kuchli bo‘lgan muxolif partiya hukmron partiyaga istaganini qilishga imkon bermaydi. Lekin bularning barchasi mif bo‘lib chiqdi. Tramp ikkinchi muddatga kirishganidan keyin amalda Amerika bir partiyali davlatga aylanib qoldi, har qancha g‘alati bo‘lmasin, xuddi kommunistik davlatlar kabi.

Demokratik partiya borligi ham unutilgandek. To‘g‘ri, ular Nyu York va yana ba’zi shaharlardagi merlik saylovlarini yutdi, keyingi saylovda respublikachilarga yana jiddiy raqobat qilishi mumkindir, lekin partiya faqat saylov vaqtida ko‘rinish berishi kerak emas-ku? Demokratik partiyaning yangi lideri kim o‘zi? Bayden-ku tushunarli, endi siyosiy nafaqada. Kamala Harris qani? Nega Trampning g‘alati qarorlariga partiya orqali qarshi chiqishga urinmayapti?

Demokratik partiyani qo‘yaturaylik, Kongress degan tillarda doston tizim ham himoyasiz ekani ko‘rinib qoldi. Nahotki respublikachilar partiyasidagi hamma Amerika fuqarolari otib o‘ldirilishi, Amerika boshqa davlat yerini bosib olishga tahdid qilishini oddiy qabul qilsa? Kongress Amerika prezidentini tiyib turishi kerak bo‘lgan qonunchilik tizimimi o‘zi yoki prezident tashabbuslarini qo‘l ko‘tarib tasdiqlab beradigan soxta idorami?

Tramp ikkinchi muddatida qiladigan ishlarini Kongressdan so‘rab o‘tirgani ham yo‘q. Bu esa Amerikada qonun ustuvorligi haqida iddaolar ham ishonchsiz ekanini ko‘rsatadi. Har holda Tramp hukmronligi davrida. Hozir Amerikada qonun emas, Tramp ustuvor. Buning nomini diktatura deyishadi! Tramp Davosdagi chiqishida o‘zini diktator deb atadi va bundan uyalgani ham yo‘q.

Amerikada prezident vakolati cheklangani haqida ko‘p gapirilar, bu hatto namuna sifatida ko‘rsatilardi. Axir chindan prezidentlar gubernatorlarga gapini o‘tkaza olmaganini ko‘p ko‘rganmiz. Lekin agar prezident xohlasa, bu qadriyatlarning hech biri ishlamasligi mumkin ekan. Tramp Amerika prezidentining vakolati amalda cheksiz ekanini butun dunyoga ko‘rsatmoqda.

Bu dunyo uchun xavfli, chunki Amerikada bor kuch hech kimda yo‘q. Bunaqa katta kuch aniq qonunchilik tizimining emas, bir insonning tizginida bo‘lishi taxmin qilib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Albatta, Tramp Amerikani bir kunda demokratiyadan mahrum qilolmaydi. Mamlakat sud tizimi doimiy tarzda uning qarorlarini bekor qilib turibdi, bu Amerika huquq tizimi hamon mustaqil ekanidan dalolat. Lekin Tramp butun dunyo, xususan, amerikaliklar hayotiga bevosita ta’sir qiladigan qarorlarni qabul qilishiga Kongress ham, Oliy sud ham qarshilik qila olmayapti.

Tramp 2029 yil 20 yanvar kuni oxirgi marta Amerika prezidenti sifatida tushlik qiladi-da, vakolatini topshiradi, yana bir muddat qolish imkoni yo‘q. Lekin o‘sha kungacha hali kamida uch yil bor. Anig‘i shuki, bir inson Amerikada xuddi hech qanday demokratik va tiyib turuvchi institutlar yo‘qdek bilganini qilishi okean ortida ham boshqaruv bilan bog‘liq fundamental muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов

Mavzuga oid