16:51 / 28.01.2017
113759

"Katta xizmat uchun katta summa" so‘ragan SamDUning ayrim o‘qituvchilari qamaldi

Yurtimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish va zamon talablari darajasida bilim olish uchun yaratilgan imkoniyatlar har qanday kishini quvontiradi. 

Shu bois litsey va kollejlarni tugatgan yoshlarning aksariyati o‘qishni davom ettirish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshiradi. Ota-onalar esa farzandining nufuzli oliygohlarda ta'lim olishini xohlaydi. Afsuski, ularning bu xohishlaridan ayrim kimsalar o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolishni ko‘zlaydi. 

“Zarafshon” nashrining yozishicha, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari Umidjon Abdurahmonov va Orifjon Mamatqulovlar shundaylardan bo‘lib chiqdi.

Bir qaraganda bu ikki domla oliy ma'lumotli, obro‘li kishilar. Umidjon Abdurahmonov – katta o‘qituvchi, O.Mamatqulov – dotsent. Qolaversa, O.Mamatqulov abituriyentlar haqida ma'lumotlarni Davlat test markaziga kiritish, test qaydnomalari, hujjatlari va materiallarni tayyorlab beruvchi kompyuterchilar guruhining a'zosi. Uning aynan shu lavozimda ishlashi qo‘lini sovuq suvga urmay, mo‘may daromad topish uchun o‘ziga xos yo‘l ochdi.

Bunday imkoniyatdan foydalanib qolish uchun U.Abdurahmonov bilan xufiyona reja tuzdi va har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, farzandini o‘qishga kiritishni istovchilar xohishini katta manfaatdorlik evaziga qondirishga kirishishdi. Shu maqsadda o‘tgan yilning iyul oyida U.Abdurahmonov va rejani amalga oshirishga ko‘makka kelgan universitet talabasi Elbek Ergashev farzandini o‘qishga kiritib qo‘yish sharti bilan ikki kishidan 16000 AQSh dollari talab qiladi.

"Katta xizmat uchun katta summa" so‘ragan kimsalarning tamagirligini anglagan ota-onalar bu haqda viloyat huquq-tartibot idoralariga xabar berishadi. Natijada O.Mamatqulov, U.Abdurahmonov va E.Ergashev bir fuqarodan 6 ming, ikkinchisidan 9,9 ming AQSh dollari olayotgan paytda jinoyat fosh etildi…

Mazkur firibgarlik va tamagirlik ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqildi. Oqibatda ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildilar.

Mavzuga oid
Top