Jamiyat | 22:07 / 31.01.2017
5158
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik sayyoh mamlakatning hissiy xaritasini tuzishga ahd qildi

National Geographic jurnali xodimi Deniel Reyven-Ellison yaqindigina Britaniya shaharlari va xiyobonlari bo‘ylab 2,5 million qadam uzunligidagi sayohatini yakunladi. U sayohat davomida elektron qurilma yordamida o‘z kayfiyatidagi o‘zgarishlarni o‘lchadi. BBC shu haqida ma'lumot bilan o‘rtoqlashdi.

Deniel yetti oy ichida 69 shaharni kezib chiqdi. Shu vaqt davomida u boshida elektroentsefalograf bilan yurgan. Qurilma boshning turli joylariga mustahkamlangan datchiklar orqali uning miya faolligini qayd etgan. 

O‘rnatilgan dastur bu signallarni tahlil qiladi hamda harakatning har bir bosqichida stress, xotirjamlik, diqqatni jamlash va qiziqish darajasini hisoblaydi.

Denielning so‘zlariga ko‘ra, monitor unga atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yaxshiroq tushunishga yordam bergan. 

"Sizni nima qiziqtirmoqda, nimaga befarqsiz, nima xavotirga solmoqda yoki, aksincha, tinchlantirmoqda - shularning barchasini yaxshiroq anglab yetasiz. Ushbu ma'lumotlar shaharlarni loyihalashtirishda foyda berishi mumkin". 

Albatta, bu usul mukammallikdan yiroq va qurilma ko‘rsatmalari boshqa omillar ta'sirida izdan chiqish ehtimoli mavjud. 

AFP
DANIEL RAVEN-ELLISON

Masalan, Kardiffda qurilma stress va diqqatni jamlashning maksimal darajasini qayd etgan, lekin bu ko‘rsatkich tashqi omillar ta'sirida emas, shunchaki hojatxonaga kuchli ehtiyoj sezish natijasida qayd etilgan. 

Tepaliklarga ko‘tarilish ham stressga olib kelgan, intensiv harakat kuzatilgan yo‘ldan o‘tishda ham xuddi shunday holat kuzatildi. Biroq qurilma yoqimli hayajon bilan yoqimsizini ajrata olmaydi. 

"Shunisi qiziqki, qurilma shaharlar bo‘ylab sayohat vaqtining yarmida mening diqqatim bo‘lingani va o‘z his-tuyg‘ularimni anglab yetmaganimni ko‘rsatdi", - deya so‘zlaydi Deniel. 

Biroq monitor sayyohning stress darajasi atrof-muhit sharoitiga muvofiq o‘zgarganini aniq qayd etgan. 

DANIEL RAVEN-ELLISON

Uning Kardiff orqali o‘tishi yaxshi, ya'ni parkdagi past stress darajasi bilan boshlandi. Biroq keyin u bir uyum chiqindini ko‘rib qolgan. 

AFP

Uning yo‘lida ko‘p uchragan bunday tashlandiq joylar deyarli har doim stress darajasining oshishiga olib kelgan. 

Suv havzalarining paydo bo‘lishi esa, aksincha, sayyohni darhol tinchlantirgan. 

U o‘z sayohatini 2016 yilning iyunida Uelsdagi Sent-Deyvids shahridan boshlab, dekabr oyida Birmingemda yakunlagan. 

Deniel shahar va qishloq joylardagi shart-sharoitlarni taqqoslash maqsadida 69 shahar va 15 milliy parkda bo‘lgan.

"Bunday qurilmadan ko‘proq kishilar foydalanganda edi, biz shaharlarda stress darajasini qanday kamaytirish va ularni yo‘lovchilar uchun yanada qiziqroq qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqar edik", - deb hisoblaydi u. 

Hozirda Deniel ma'lumotlarni qayta ishlashga kirishgan, u Britaniyaning hissiy xaritasini tuzib chiqishni rejalashtirgan. U boshqa tashabbuskorlarning yordamiga umid qilmoqda. 

"Menda geografik koordinatalar jamlangan besh million o‘lcham mavjud, hissiyotlarim joylashuvga qarab qanday o‘zgarganini aniqlash uchun men ularni xaritaga tushirmoqchiman", - deydi u. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid