19:14 / 08.02.2017
39942

Ashxobodda uylardan konditsionerlar majburan olib tashlanmoqda

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida yoz issiq o‘tganiga qaramasdan aholi xonadonlariga konditsioner o‘rnatishga ruxsat berilmayapti, o‘rnatib bo‘lganlar esa konditsionerlarni demontaj qilishga majburlanmoqda. Bu haqda «Turkmaniston xronikasi» nashri xabar berdi.

Mahalliy hukumat vakillari bir necha kun davomida ko‘p qavatli uylarni aylangan va uylarning tashqi devorlariga o‘rnatilgan konditsionerlarni olib tashlash buyurilgan. Shahar hukumatining fikricha, ular binoning tashqi qiyofasini xunuklashtiradi. 

Xabar qilinishicha, maxsus xodimlar 50 manat evaziga (3,49 manat - 1 dollar), konditsionerlarni demontaj qilish (qismlarga ajratish) hamda olib tashlash uchun xizmatini taklif etmoqda. Ular pulni konditsioner freonini (sovuq havo chiqarishi uchun maxsus suyuqlik) saqlab qolgan holda demontaj qilishlari uchun olishadi, aks holda freon to‘kib tashlanadi. Keyinroq konditsioner boshqa joyga o‘rnatilganida unga freon quyish 250-300 manatga tushadi.

Ashxobodliklar konditsionerlarini tashqaridan qaralganda ko‘rinmaydigan boshqa joyga qayta o‘rnatishmoqda, ba'zilar esa konditsionerni zina hududiga o‘rnatib olmoqda.

6 fevral kuni Turkmaniston parlamenti "Arxitektura faoliyati to‘g‘risida"gi qonunni qabul qildi. Rasmiy nashrlarning yozishicha, bu qonun shahardagi binolar kishiga estetik zavq berishi lozimligini ko‘zda tutadi.

Qayd etish kerakki, Turkmaniston poytaxtida yoz kunlari harorat 45 darajagacha ko‘tariladi. 

Bundan oldinroq, mahalliy nashrlar konditsionerlarni demontaj qilish shaharga Shomuhammad Durdiliyev qayta hokim bo‘lganidan keyin boshlanganini yozgandi. U 2010-2013 yillarda ham shahar hokimi sifatida ishlagan, keyin prezident apparatiga ishga o‘tgandi. U shu yil yanvarida poytaxt hokimi etib tayinlandi.

2014 yilda turkmanistonliklar «dom»lardan konditsionerlarni olib tashlash bo‘yicha buyruqqa qarshi chiqqan, Ashxoboddagi «Paraxat — 7» mikrorayonida aholi va hukumat vakillari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqandi.

Top