10:21 / 08.02.2017
15044

Toshkent shahrida o‘z o‘g‘lini 2.500 dollarga sotib yubormoqchi bo‘lgan ayol 5 yilga qamaldi

Zulxumor (ism-shariflar o‘zgartirilgan) shirin orzular bilan turmush qurgandi. Afsuski, bitta farzandli bo‘lgach, u turmushning mushtlariga chiday olmay ajrashib, otasining uyiga ko‘zida yosh bilan qaytib keldi, deb yozadi “Adolat ko‘zgusi” gazetasi.

Bir amallab farzandini ota-onasining ko‘magi bilan tarbiyalay boshladi. Afsuski, biror joyga kirib ishlay, desa qo‘lida na diplomi, na bir hunari bor edi. Shuning uchun sakkiz yoshli o‘g‘li Akromni ota-onasiga tashlab, o‘zi Toshkentga ish izlab keldi. Sarson-sargardonliklardan so‘ng bir amallab ish ham, boshpana ham topdi.

Shunday kunlarning birida u xorazmlik Musurmon degan yigit bilan tanishib qoldi. Ularning do‘stligi bora-bora sevgiga aylandi.

Shundan so‘ng ular shar'iy nikohdan o‘tishib, birgalikda yashay boshlashdi. Ko‘p vaqt o‘tmay Zulxumor homilador bo‘ldi. Nihoyat farzand ham dunyoga keldi. Unga Mardonbek deb ism qo‘yishdi. Barcha kelishmovchiliklar shu farzand tug‘ilganidan so‘ng boshlandi. Endi Musurmon ishdan qaytganidan so‘ng turmush o‘rtog‘iga “Menga e'tibor qilmayapsan! Senga faqat bola bo‘lsa, bo‘ldi, kiyimlarim vaqtida dazmollanmagan, ovqat vaqtida pishmaydi!”, deya janjal qiladigan odat chiqardi. Keyin esa Zulxumorni kamsitib, haqoratlab, urib do‘pposlaydigan bo‘ldi. U oilani saqlab qolish o‘rniga qaynotasiga qo‘ng‘iroq qilib, qizi bilan ortiq yashay olmasligini, uni olib ketishini aytdi.

Egambergan ota darhol Xorazmdan Toshkentga kelib, qizi va nabirasini uyga olib qaytdi. Hash-pash deguncha Mardonbek ikki yoshdan oshdi. Zulxumor nima qilib bo‘lsada, tezroq otasining uyini tark etishni, o‘zi alohida yashashni istardi. O‘ylab-o‘ylab, tanishlariga aytib, o‘z bolasini sotishga qaror qildi. Poytaxtda yashaydigan tanishi Fotimaga qo‘ng‘iroq qilib, farzandi Mardonbekni parvarish qilishga puli yo‘qligini, judayam qiynalayotganini, yaxshi oila bo‘lsa, o‘g‘lini sotib yubormoqchiligini, uning puliga Toshkent shahrining chekkasidan bo‘lsada, o‘ziga bir xonalik uy sotib olib, yashamoqchiligini aytdi. Fotima unga yordam berish uchun darhol tanishi Sharofatga bu haqda gapirib berib, uning telefon raqamini ham berdi.

Ertasi kuni Sharofat Zulxumorga qo‘ng‘iroq qilib, uning farzandini o‘zi sotib olmoqchi ekanligini aytib, uchrashuv joyini kelishib olishdi.

May oyining oxirlarida ona-bolani Sharofat Toshkentda kutib olib, bir xonadonga olib borib, joylashtirdi. Bola masalasida yana uzoq gaplashishdi. Zulxumor bolasini 2.500 AQSh dollariga sotmoqchi ekanligini ham aytib o‘tdi. Sharofat ham bu narxga rozi bo‘lib, u bilan xayrlashdi.

Ertasi kuni u IIVga borib, u yerdagi tezkor xodimlarga bo‘lgan voqeani gapirib, Zulxumorning bu qilayotgan ishi qonunga xilof ekanligini ta'kidladi.

IIV xodimlari unga 2.500 AQSh dollar mulyaj pullarini va diktofonni berishib, nima qilishini lozimligini tushuntirishdi.

Shu kuni soat 14:00da u Zulxumor bilan Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan “Buxoro” kafesida uchrashdi. Sharofat Zulxumordan pasport nusxasining orqa tomoniga unga sotgan farzandi uchun keyinchalik da'vo qilmasligi va qaytarib olmasligi haqida o‘z xohishi bilan tilxat yozdirib oldi. So‘ngra kelishuvga binoan Zulxumorga bolasi uchun 2.500 AQSh dollarini berdi. Ayol pullarni qo‘lidagi qizil rangli sumkasiga soldi-da, hech narsaga tushunmasdan mo‘ltirab turgan bolasining peshonasidan o‘pib xayrlashdi. Biroq uning yo‘lini IIV xodimlari to‘sishdi. 

Sud Zulxumor Abdulbotirovani JKning 135-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan aybdor, deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Top