O‘zbekiston | 18:00 / 10.02.2017
21437
3 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent-4» terminali qurilishi bo‘yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asosi prezident tomonidan tasdiqlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z qarori bilan «Toshkent shahri aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminali (Toshkent-4) qurilishi» investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini (TIA) tasdiqladi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi 2015−2019 yillarda O‘zbekistonda  Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturiga muvofiq «Toshkent aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini (Toshkent-4) qurish» loyihasini amalga oshiradi.

Loyihaning maqsadi yo‘lovchilarga eng zamonaviy, xalqaro standartlar va talablar darajasida xizmat ko‘rsatish hisoblanadi. Bundan tashqari, loyiha O‘zbekistonda turizm sohasi rivojlanishiga hamohang tarzda aviaparvozlar hajmini oshirishga imkon beradi.

«Toshkent-4»ni qurish bo‘yicha loyiha texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish ishlari Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi (KOICA) grant mablag‘larini jalb etgan holda 2016 yil yanvar— iyul oylarida amalga oshirildi. Hujjatni tayyorlash asnosida Janubiy Koreya tomoni Toshkent aeroporti va O‘zbekiston aviatsiya sohasining joriy holati, rivojlanish istiqbollarini baholash va «Toshkent-4» xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish konsepsiyasi ishlab chiqish bo‘yicha katta hajmda ish olib bordi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun KOICA mazkur sohada katta tajribaga ega bo‘lgan 5ta koreys tashkiloti — «Inchxon» aeroporti, Heerim, Yooshin, EY Hanyoung va Koreya transport institutini jalb etdi.

2016 yilning dekabrida O‘zbekiston hukumati va Janubiy Koreya Eksimbanki o‘rtasida loyihani amalga oshirish uchun EDCF fondi mablag‘larini taqdim etish bo‘yicha qarz kelishuvi imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 430,974 million dollarni tashkil etadi.

Yangi terminal maydoni hozirgisiga (Toshkent-2) nisbatan 2 marta kattaroq bo‘ladi (87 ming kvadrat metr), yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladigan bino hajmi esa hozirgisini uch baravar ortda qoldiradi. Yangi terminal bir soatda 1,5 ming yo‘lovchiga yoki yiliga 5,7 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. 

3 yil davomida qurilishi rejalashtirilgan yangi terminalning qush parvozi balandligidan ko‘rinishi qanotini yozgan Humo qushini yodga soladi.

4 qavatli terminal 36 samolyotni sig‘diradigan perron, avtomobillar turargohiga ega bo‘ladi.

Bundan avvalroq yangi terminalning qurilishi 2016 yildan boshlanishi, qurilish-montaj ishlari 2019 yil oxiriga qadar yakunlanishi haqida xabar berilgan edi.

Yangi terminal qurilishi munosabatti bilan aeroport atrofida joylashgan 540 hovlida yashayotgan 1400 oila boshqa hududlarga ko‘chirilishi kerak bo‘ladi. «O‘zbekiston havo yo‘llari»milliy aviakompaniyasi direktorining so‘zlariga ko‘ra, ularning barchasiga teng maydonli turar joy yoki tovon puli to‘lanadi.

Mavzuga oid